“Apple” korporatsiyasi tomonidan joriy 2016 yilda Apple Vatch - aqlli soatlarining yangi avlodini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, yangi turdagi soatlarning ekranlariga kameralar o‘rnatiladi. Smartfon – soat egalari sheriklari bilan bemalol yuzma-yuz ko‘rishib audio va video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, “Apple Vatch -2” qo‘l soatlari orqali sms yozish, elektron xat jo‘natmalari, ob-havo ma’lumoti hamda “VI-FI” tizimiga ulanish amaliyotlarini bajarish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur aqlli soatning bahosi yuz ming AQSh dollarigacha deb belgilangan. Zamonaviy soatlar “Sport”, “Still” hamda “Luks Edition” brendlari ostida ishlab chiqarilib, ular asosan ustki qismidagi qimmatbaho materiallari bilan farqlanadi. Soatlarning ekranlari esa Koreyaning “LG” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilishi rejalashtirilmoqda.
***
Tanzaniyadagi tadqiqotchi-olimlar tomonidan mamlakat milliy bog‘ida saqlanayotgan oq rangli jirafaning surati e’lon qilindi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, “Tarangir” milliy bog‘idagi 15 oylik jirafaning oppoq tusli bo‘lishi sabab, uning terisidagi rang ishlab chiqaruvchi hujayralar faoliyati buzilganligidir. Ekolog Derek Lining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda mazkur rangsiz jirafa dunyoda yagona hisoblanadi. Shuningdek, jirafaning hayoti xavf ostida ekanligi ham ta’kidlab o‘tilgan. Chunki uning noyobligini hosobga olgan brakonerlar uni ovlashlari ham mumkin. Noqonuniy hayvon ovlash bilan shug‘ullanuvchi qonunbuzarlar bunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasliklari tabiiy. Hozirgi kunda Omo laqabli oq rangli jirafa oddiy jirafalar to‘dasida yashab kelmoqda.
***
Day.az ma’lumotlari asosida D.Mirhodiyeva.