Matematik amallar va sotsiologik izlanishlar orqali mutsahkam turmush qurish uchun munosib yosh hisob-kitob qilindi. Unga ko‘ra, 28-32 yosh oralig‘ida qurilgan oilalar nisbatan mustahkam bo‘lar ekan. Shu yosh oralig‘ida oila qurganlar hech bo‘lmaganda ilk 5 yil mobaynida ajrashish haqida o‘ylab ko‘rishmaydi. Bu esa ularning keyingi mustahkam oilaviy rishtalari uchun zarur poydevor yaratadi.
Mazkur tadqiqot Yuta universiteti sotsiologi Nik Volfinger tomonidan o‘tkazilgan va "Oila tadqiqotlari markazi" tomonidan nashr qilingan. Sotsiologlar bungacha ham kech uylanadigan erkaklar oilaviy munosabatlarda barqaror va mas’uliyatli bo‘lishini ta’kidlashgan edi.
Volfinger tadqiqoti davomida 2006-2010 yillarga mansub oilalarga daxldor hamda 2011-2013 yillarda o‘tkazilgan so‘rovlarga asoslangan ma’lumotlarga suyandi.
Tadqiqot natijalari 20 yoshgacha qurilgan turmushning omonat bo‘lishi va uning keyinchalik muvaffaqiyatsizlikkka yuz tutish ehtimoli yuqori bo‘lishini ko‘rsatgan.
25 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lgan insonlar o‘rtasida qurilgan oilalar o‘rtasida ajrashish holati juda kam bo‘lgan. 32 yoshdan keyingi turmushning buzilishi ehtimoli har yili 5 foizga oshadi. Sotsiologlar oilaning mustahkamligi ko‘proq erkakning yoshiga bog‘liq masala ekanini, erkakning turmush o‘rtog‘i bilan yoshidagi farq 3-4 yoshdan oshmasligi zarurligini aytishmoqda.
Yunon donishmandi Suqrot aytgani kabi, turmush qurishga juda shoshma va buni juda kechga ham surma. Imkoni bo‘lsa, 25 yoshdan keyin va 30 yoshgacha bo‘lgan davringda uylan. Ya’ni, juda erta va juda kech bo‘lmagan nikoh mustahkam oilaning oltin qoidasidir.
Buning sabablari ko‘p. O‘smirlik yoshida inson oilani ko‘proq intim munosabatlarda tasavvur qiladi va mas’uliyatni u qadar ham o‘ylamaydi. 25 yoshdan keyin esa insonning aqli tiniqlashib, hayotga ravshanroq qaray boshlaydi. Qolaversa, iqtisodiy mustaqillik va oilani ham ma’nan, ham moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
Ammo Amerikaning boshqa bir ta’lim maskani – Meriland universiteti sotsiologi Filip Kohen olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, oilaning mustahkamligi er va xotinning yoshiga bog‘liq emas.
Ushbu tadqiqot 45 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan insonlar oilaviy rishtalar uchun ma’suliyatni boshqa yoshdagidan chuqurroq his qilishlarini ko‘rsatgan.
Sotsiologlarning fikricha, qo‘lida hunari bo‘lgan yoki bilimga kafil bo‘luvchi diplomning borligi yosh oilaning mustahkam yashashi uchun muhim asos ekan.