Modomiki bu sahifani o‘qiyotgan ekansiz, siz o‘zingizni yoki biror yaqiningizni spirtli ichimlik iste’mol qilish illatidan xalos qilish istagidasiz.
Alkogol mahsulotlari hayotning muhim ta’minotchilari bo‘lmish jigar, yurakning bosh g‘animi. Unutmang – hayot bu tarzda yashash uchun juda qisqalik qiladi.
- "Ichish"dan voz kechishni boshlash. Hammasi irodaga bog‘liq. Hayotni sevish uchun asos topish yoki yaratish zarur. Keraksiz bo‘lish kun kelib qattiq pushaymonga sabab bo‘lishini his qilish kerak. Spirtli ichimliklar iste’molini to‘xtatish orqali tushkunlik, vahima, yurak xuruji, xafaqonlik, qo‘l-oyoq titrashi kabi xavfli xastaliklardan xalos bo‘lish mumkin. Shifokorlar spirtli ichimlik iste’moli simptomlariga qarshi kurashda benzodiazepin dori vositalarini tavsiya qilishadi. Bular qatoriga alprazolam (Xanax), klonazepam (Klonopin), diazepam (valium) va lorazepam (Ativan) kabi psixoaktiv dorilarni kiritish mumkin. Ular alkogolizmdan qutulishga harakat qilayotgan inson organizmida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ruhiy holatlarni yengib o‘tishga xizmat qiladi va xavfsiz hisoblanadi.
- "Ichish"ni tashlash haqidagi munosabatingizni o‘zgartiring. Unutmang, siz sizga jondek aziz do‘stdan voz kechish uchun harakat qilayotganingiz yo‘q. Aksincha, siz nihoyat ashaddiy g‘animga qarshi kurash boshladingiz. Bu jarayonda yaxshi xislatlar sizni qo‘llab-quvvatlasa, xudbinlik tuyg‘ulari bunga to‘sqinlik qiladi. Munosabat esa ijobiy natijaga xizmat qiladi.
- Aniq bir kunni belgilang. Ungacha o‘zingizni ruhan tayyorlang. Agar mukkasidan ketgan "ichuvchi" bo‘lsangiz, oldin shifokor bilan maslahatlashib, bir muddat reja asosida alkogolizm simptomlariga qarshi kurashish kerak bo‘ladi.
- Uyni spirtli ichimliklarning idishlaridan tozalang. Uyga mehmon kelsa, ularga aroq, pivo o‘rniga sharbat, salqin ichimlik taklif qilishga jur’at toping. Ular bir muddat xafa bo‘lishsa ham, oxir-oqibat buning yaxshi jihatini tushunib yetadilar.
- His-tuyg‘ularga erk bering. Yig‘i kelsa, yig‘lang. Kulish kerak bo‘lsa, qah-qah oting. Och qolsangiz, ovqatlaning. Bu siz uchun odatdagidan boshqacha hayot tarzidir va bunga ko‘niking.
- Ulfatlarga "xayr" deng. Kun kelib xastalik muqarrar yoqangizdan olganida ularning hech biri sizga yordam bera olmaydi. Boisi o‘zlari yordamga muhtoj.
- Spirtli mahsulotlardan birdaniga voz kecha olmasangiz, unga qarshi asta-sekin kurashing. Axir, Rim ham bir kunda qurilmagan. Kunlik yoki haftalik alkogol miqdorini kamaytirib boring. Kichik natijalar katta g‘alabalarni olib keladi.
- Agar har-har zamonda, bir o‘tirishda mukkasidan ketib ichish odatingiz bo‘lsa, endi o‘zingizga yordam bering. Ham o‘zingizni, ham boshqalarni azobga qo‘yishdan kimga naf? Bunday mahalda dasturxonga o‘tirgach, qorningizni to‘yg‘azishga harakat qiling. Boisi, qorin to‘q bo‘lsa, tana aroqni u qadar ham "tortmaydi".
- Ko‘proq suv iching. Suv tanadagi zaharli moddalarni haydab chiqaradi. Erkak kishi kun davomida 3 litr, ayollar 2.2 litr suv ichishi kerak bo‘ladi.
- Odamlarga nima sababdan "ichish"ni tashlamoqchi ekanligingiz haqida hisobot bermang. Kimdir sizga aroq uzatsa, shifokor buni ma’n qilganini ayting, xolos.
- Ishdan keyin "ichish" odatingiz bo‘lsa, uning o‘rniga biror foydali mashg‘ulot toping. Misol uchun, farzandingiz bilan sayr qiling yoki ota-onangizni ziyorat qiling.
- Umidsizlikka tushmang. Garchi, ko‘p vaqtdan buyon spirtli ichimlik iste’moliga ruju qo‘ygan bo‘lsangiz ham, qisqa muddatda salomatlikni tiklashingiz mumkin. Inson tanasi qayta tiklanishga moyil. Faqat unga yordam berish kerak.
- Tunda o‘lik yoki koma yotgandan ko‘ra, es-hush joyida holatda yotish qanchalar zavqli ekanini nahotki bilmasangiz? Yoki tongda yorilay deb turgan, oshqovoqday shishgan kallani ko‘tarib yurish sizga malol kelmayaptimi? Sizdan anqiyotgan hidga chidab yashayotgan yaqinlarni xursand qilish vaqti kelgandir? O‘zingizni jazolashni bas qilingda, alkogoldan xalos bo‘lib, hayotni sevishga kuch toping.
- Ichish uchun birgina sabab bo‘lishi mumkin, ammo ichmaslik uchun sanoqsiz sabab yo‘q emasmi? Hatto farzandingizni ham bag‘ringizdan itarayotgan omil ham shu aroq ekanini tan olmaysizmi? Oilada mustahkam o‘ringa ega bo‘lish, ahmoqlarcha ko‘rinmaslik, erta o‘lib ketmaslik, ish va hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lish, hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lish, farzandlarga namuna bo‘lish uchun ham bu g‘animga qarshi kurashing.
- Ichish yoki ichmaslik, hayot yoki mamotni tanlashga teng. Sog‘lik – eng katta boylik. Qila olishga ishonish – maqsadning yarmiga yetish demakdir. Maqsad qilinsa, hech qachon yashash uchun kech emas.
Quyidagi suratga qarab, spirtli ichimliklarning deyarli barcha tana a’zolari uchun xavfli ekanini aniq tasavvur qilish mumkin.
Yodda tuting, hayotda salomatlikdan ham muhimroq narsa yo‘q. Yashash ham, sevish va sevilish ham shunga bog‘liq. Baxtli yashashga haqlisiz, boisi dunyoga kelish huquqi berilgan hamma bunga munosib.
Doimo sog‘-salomat bo‘ling!