Bilasizmi?

Alisher Usmonov boyligini kimga qoldiradi?

Rossiyalik tadbirkor, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov keyingi yil oxiriga qadar O‘zbekistondagi loyihalarga 300−400 mln dollarga yaqin investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Milliarder o‘z rejalari to‘g‘risida Forbes jurnaliga bergan intervyusida so‘zladi.

Avgustda tadbirkor «Arsenal» FKning 30 foiz aksiyalarini o‘sha vaqtda futbol klubining 67 foiz aksiyalariga egalik qilgan biznesmen Sten Kronkka sotdi. Kronk bilan shartnoma miqdori 550 mln funtni tashkil etdi. Alisher Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, u «Arsenal"ga 150 mln funt investitsiya kiritgan. Olingan pullarning bir qismini u Toshkentdagi Islom madaniyati markazi qurilishiga sarfladi.

«[Марказ] qurilishi byudjetiga mening hissam 100 mln dollar. Bundan tashqari, jamg‘armamiz orqali O‘zbekiston qishloqlarini rivojlantirishga hissa qo‘shamiz. O‘zbekiston hukumatining Jahon banki bilan qo‘shma dasturi bor. Dastur loyihalaridan biri — qishloqlarni, jumladan mening kichik vatanim Namangan viloyatidagilarni rivojlantirish. Mazkur loyihaga biz umumiy miqdorda 100 mln dollar kiritamiz. Yana sport-investitsiya loyihasi ham bor. Bu ham 100 mln dollar. Umumiy olganda kelgusi yil oxiriga qadar O‘zbekistonga 300−400 mln dollar kiritiladi», — dedi Alisher Usmonov.

Investitsiyalar faqatgina ijtimoiy loyihalarga yo‘naltiriladi. «Boshqalariga kiritmayman», — deya ta’kidladi u.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, u na Rossiyada, na O‘zbekistonda biznes yuritishni istamaydi. «Bugun mening 80 foiz vaqtim Xalqaro qilichbozlik federatsiyasiga rahbarlik qilishga ketmoqda, 9 dekabr kuni 105 yoshga to‘ldik va biz yubiley munosabati bilan Parijda — federatsiyaga asos solingan shaharda marosim o‘tkazamiz. Biz hayot bo‘lmish barcha olimpiada chempionlari, barcha ko‘p karra jahon chempionlari, barcha federatsiyalar va jahon sportining barcha rahbarlarini taklif qilamiz. Bunday tadbirni o‘tkazish uchun katta kuch bilan ishlash lozim», — dedi u.

Alisher Usmonov O‘zbekistonda MISiS filiali («Moskva po‘lat va qotishmalar instituti» Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti filiali) ochilishidagi o‘z ishtiroki to‘g‘risida ham so‘zladi. Odatda Alisher Usmonovning insonparvarlik loyihalari bilan «San’at, fan va sport» jamg‘armasi shug‘ullanadi, biroq MISiS «Metalloinvest» (USM Holdings tarkibiga kiradi) orqali moliyalashtirilmoqda.

O‘zbekistonlik talabalarning Moskvada tahsil olishi uchun Alisher Usmonov endaumentga (maqsadli jamg‘arma — tahr.) muayyan miqdorda mablag‘ kiritdi.

Forbes jurnalining O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni SSSRning birinchi prezidenti Mixail Gorbachyov bilan solishtirish mumkinmi, degan savoliga Alisher Usmonov quyidagicha javob qildi:

«U Gorbachyov emas. Gorbachyovdan farqli ravishda u o‘zining aniq rejalariga ega. U haqiqiy vatanparvar va hech qachon O‘zbekiston davlatining yemirilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Uni hech kim bilan solishtirib bo‘lmaydi. U yetarlicha mustaqil. Va, ehtimol, u iqtisodiyotda o‘sish bo‘lishni istaydigan sharqona rahbarning yangi namunasi bo‘ladi. Men bunga ishonaman», — dedi tadbirkor.

Alisher Usmonovning fikricha, O‘zbekistonda xususiylashtirish jarayoni yetarlicha rasmiy kechgan. «Barchasi davlat qo‘lida qoldi. U yerda Sobiq Ittifoq Davlat rejasi asos solgan kvazikapitalistik tizim bor edi. Bunday merosni qabul qilib olgan yangi prezident ham siyosiy, ham iqtisodiy ko‘lamda keskin o‘zgarishlarni amalga oshirdi», — dedi u.

«Siyosatda muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlik juda tez aniqlanadi — O‘zbekistonning siyosatdagi yutuqlari ochiq-oydin, ularni butun dunyo tan oldi, — deya davom ettirdi tadbirkor. — Siyosiy mahbuslar ozod qilindi, mamlakat ochiqroq bo‘ldi, sayyohlar oqimi ancha o‘sdi».

Iqtisodiyotda siyosatdan farqli ravishda, juda ehtiyotkor ketmoq lozim, deb hisoblaydi Alisher Usmonov.

«U buzuq edi, uzoq vaqt egri ko‘zgular mamlakatida yashadi. Bu yerda o‘ta ehtiyotkorlik bilan harakat qilish lozim. Xalq farovonligini oshirish maqsadida iqtisodiyotni raqobat bo‘lgan,davlat muayyan ishtirokini saqlab turuvchi normal tomonga o‘zgartirish, biroq iqtisodiy yuksalishni xususiy, birinchi navbatda xorijiy investitsiyalar ta’minlaydi», — deya qayd etdi u.

Alisher Usmonov «O‘zmetkombinat» va «O‘zikkilamchiranglimetall"ni SFI Management Group guruhi boshqarayotganini ma’lum qildi. Kompaniya kuzatuv kengashi raisi — Bobur Shodiyev, milliarder va Alisher Usmonovning do‘sti Fattoh Shodiyevning jiyani.

«SFI akasi, mening do‘stim oilasiga qarashli. Bizning «Metalloinvest» kompaniyamiz uning kompaniyasi bilan birga ishlaydi. SFI yaqinda «Paxtakor» futbol klubining 80 foiziga ega bo‘ldi. Biz unga muxlislik qilamiz. Prezident ham ushbu klubga muxlislik qiladi. Albatta, biz uning qayta tiklanishini — Osiyo chempioni bo‘lishini istaymiz, undan keyin esa biz jiddiyroq kuboklarni niyat qilamiz. Agar SFI «Paxtakor"ni rivojlantirsa, nima qilishim menga oydinlashadi va men o‘zimning barcha imkoniyatlarim bilan yordam berishga tayyorman. Biroq bu «Paxtakor» aksioneri yoki uning egasi bo‘lishimni anglatmaydi», — deya izoh berdi u.