Biror joyingiz og‘riyotgan bo‘lsa, bu haqida hech kimga gapirib yurmang. Chunki aynan o‘sha og‘riqli nuqtangizga zarba beradiganlar albatta topiladi.
Muhammad Ali
Maqsading yo‘lida seni holdan toydiradigan qarshingda turgan ulkan tog‘lar emas, oyog‘ing ostidagi, sen e’tibor qilmagan mayda toshlardir.
Muhammad Ali
Ko‘pchilikni olg‘a borishdan cho‘chitadigan omil, bu – e’tiqodning pastligidir. Men esa e’tiqodim tufayli o‘zimga ishonaman.
Muhammad Ali
Daryolar, hovuzlar va ko‘llar, ummonlarning nomlanishi boshqa-boshqa bo‘lgani bilan, ularning barisida suv bor. Xuddi shuningdek, garchi dinlar ham turlicha nomlansa ham, ularda haqiqat yashaydi.
Muhammad Ali
Munosib javobing bo‘lmasa, sukut oltinga teng ekanini unutma.
Muhammad Ali
Qizim, Xudo dunyodagi jamiki aziz va qadrli narsalarni yaratayotganida ularni himoyalagan. Olmoslarni qayerdan olamiz? Buning uchun tog‘-toshlarni talqon qilamiz. Javohir topish uchun ummon qa’riga kiramiz. Oltin izlab yer bag‘riga shoshamiz. Ko‘rib turibsanki, barcha qadrli narsalarga yetishish oson emas. Muqaddas kitoblarda insonning aziz qilib yaratilganligi ta’kidlanadi. Demak, uning tanasi ham muqaddas. Sen oltin va javohirlardan ham qadrlisan. Shunday ekan, badaningni ko‘z-ko‘z qilib, o‘z qadringni yo‘qotishdan ehtiyot bo‘lgin.
Muhammad Ali
Ishim shunaqa. Maysa o‘sadi, qush uchadi, to‘lqinlar sohilni yuvadi, shifokor davolaydi. Men esa mushtlashaman.
Muhammad Ali
Mashqlardan charchab ketardim. Lekin og‘ir paytda o‘zimga: "To‘xtama! Hozir azoblansang ham, hayotingning keyingi qismida chempion bo‘lib yashaysan," deyishni kanda qilmadim.
Muhammad Ali
Tavakkal qilishga jur’ati yetmagan odam hayotda hech narsaga erisha olmaydi.
Muhammad Ali
Tasavvursiz odamning qanotsiz qushdan farqi yo‘q.
Muhammad Ali
Mening hayotiy tamoyillarim doimo pul yoki mening chempionlik unvonlarimdan ustun bo‘lgan.
Muhammad Ali
Ba’zida shunchalar g‘ayratlimanki, chiroqni o‘chirgach, xona zulmatga ko‘milmasidan o‘rinda yotgan bo‘laman.
Muhammad Ali
Odamlarga beminnat yordam qo‘lini cho‘zish – bu dunyoda yashayotganing uchun Yaratganga to‘lanadigan ijara haqidir.
Muhammad Ali
Millatlar o‘rtasidagi urushlar jahon xaritasini o‘zgartirib yuboradi. Lekin bilagi zo‘r sportchilar o‘rtasidagi jang millatlar o‘rtasidagi xaritalar almashinuviga o‘xshaydi: millatlarni bir-biriga tanishtiradi.
Muhammad Ali
Yosh – nisbiy tushuncha. O‘zinga necha yosh bersang, sen o‘sha yoshdasan.
Muhammad Ali
Men boshimdan o‘tkazgan eng mashaqqatli jang birinchi xotinim bilan bo‘lgan. Shuning uchun hayotda raqib tanlashda adashsang ham, juft tanlashda adashma.
Muhammad Ali
Kunlarni sanama, hayotingdagi sanaladigan kunlarni ko‘paytir.
Muhammad Ali
Chempionlar mashq zallarida yetishib chiqishmaydi. Ular avval o‘zlarining qalblarida kuchli xohish, orzu va g‘alaba og‘ushida tug‘ilishadi. Sportda g‘alaba uchun mahoratdan ko‘ra istakning ahamiyati yuqori.
Muhammad Ali
Orzularga erishishning eng yaxshi yo‘li – uyg‘onishdir.
Muhammad Ali
Qo‘rquv hissisiz jasur bo‘lishning imkoni yo‘q.
Muhammad Ali
Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi