Ta’lim

30dan oshganlar uchun chet tilini o‘rganish bo‘yicha tavsiyalar

Yoshlikda o‘rgangan bilim toshga o‘yilgan naqsh, yosh o‘tgach esa qumga yozilgan naqsh, deyishadi. Albatta, 30dan o‘tgach, kishi qarib qolmaydi, ammo bolalik zehnini hamisha saqlab qolish ham imkonsizdir.

Saytimizda amerikalik kolumnist Devid Beylining shaxsiy tajribasini chop etmoqdamiz. Amalda qo‘llab ko‘ring.

“Men yoshim o‘tgan chog‘ida bir qancha chet tillarini o‘rganganman. Fransuz tilini o‘rganishni boshlagan kunimdan 17 kun o‘tiboq oddiy so‘zlar yordamida erkin gaplasha olardim. Oldindan aytishim kerak: bungacha ispan tilini bilardim.

...2005 yilning yozida Burgundiyada qiz o‘rtog‘im bilan dam oldim. U yerda hech kim inglizcha gapirmasdi. O‘rtog‘im esa mening fransuzcha o‘rganishimni astoydil istaganidan inglizchada gaplashmay qo‘ydi.

Shuning uchun men o‘rganish mashqi tartibini tuzdim va har kuni takrorlay boshladim.

Sahar turib to‘g‘ri va noto‘g‘ri fe’llarni yozishga o‘tirardim. Bu ishga ikki soat sarflayman. Ikki haftada qalin daftarni to‘ldirib tashladim. Hozirgacha ma’lumotni esda saqlab qolishning eng yaxshi yo‘li yozib qo‘yish, deb hisoblayman.

Yozar ekanman bir vaqtning o‘zida fransuzcha audiodarslar tinglardim. Diskda o‘qituvchi inglizzabon talabalarga mashg‘ulot o‘tardi. Men diqqat bilan tinglab, ularning kamchiligini topardim va deyarli xatosiz o‘zlashtirardim. Ikki hafta mobaynida tayanch kursni va davom ettiruvchilar kursini ikki marta eshitib tugatdim.

 

Shuningdek, istirohat bog‘i bo‘ylab har kuni bir soatdan yugurish mobaynida fransuzcha musiqalarni tingladim. Biror-bir tildagi so‘zlar talaffuzini o‘rganish uchun musiqa tinglash va qo‘shiq matnini takrorlash eng yaxshi usuldir.

Doimo o‘rtog‘im va uning do‘stlari bilan birga ovqatlandim. Ular til o‘rganmagunimcha qo‘yishmadi, “Och qolishni istamasang – o‘rganasan”, deb uqtirishardi.

Tushlikdan keyin fransuz tilidagi “Charli va shokolad fabrikasi” kitobini tirishib o‘qirdim. Tilni tez o‘rganishda bolalar kitobini mutolaa qilishdan yaxshisi yo‘q. Birinchidan, sodda so‘zlar bilan yozilgan, ikkinchidan begona so‘zlar ma’nosi tushuntirilgan. Uchinchidan, negadir, chet tilidagi bolalarga mo‘ljallangan hikoyalar mazmuni qiziqarli va quvnoq bo‘ladi.

Bundan tashqari, kuniga kamida bir soat vaqtimni o‘zim haqimda yozishga ajratdim. Uni o‘rtog‘im tekshirib, xatolarimni to‘g‘rilab turdi. Birov bilan tanishganda, ko‘pincha, “Qayerliksan?”, “Qanday ish bilan shug‘ullanasan?”, “Fransiya yoqdimi?” degan odatiy savollar berishadi. Javoblarni oldindan tayyorlab, yo‘l-yo‘lakay so‘z boyligimni amalda qo‘llab, suhbatga dadil kirisha bordim.

Yana bir sirni ochaman. Odamlar gapni qovushtirish uchun tez-tez yopishqoq so‘zlar (“anovi”, “haligi”, “anaqa”, “xo‘sh”, “umuman”, “qisqasi”, “deylik”) ishlatishadi. Bu so‘zlarni yodlab olish qiyinmas, qolaversa, suhbatda o‘zingizga ishonchni orttiradi.

Hikoyamning boshida aytganimdek, 17 kun o‘tgach Parijga bordim. Birinchi kuniyoq kafega kirdim va istarali bir qizni uchratib, u bilan suhbat qurdim. Bir necha daqiqa o‘tgach, u Fransiyada qachondan beri yashashimni so‘radi. Unga atigi 17 kunda tilni o‘rganganimni aytganimda, lol qoldi. U meni kamida bir yildan beri shu yerda yashaydi deb ishongan ekan.”

Muallif: Devid Beyli

adme.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi