Salomatlik

256 yil yashagan xitoylik o‘limidan oldin buning sirini aytib ketgan ekan

Bugungi uzoq yashovchilarning umri o‘rtacha 120 yilni tashkil etadi. Ular jahonga ma’lum bo‘lgan, eng uzoq yashagan inson – Li Sin’yun ko‘p yashash bo‘yicha o‘rnatgan rekordni yangilashlari uchun yana shuncha yillar yashashlariga to‘g‘ri keladi. Ha, bu inson 256 yil umrguzaronlik qilgan!

Bu lof emas, aksincha olim va jurnalistlar tomonidan chuqur o‘rganilgan haqiqat. Zero, 1930 yilda New York Times gazetasi tomonidan nashr etilgan maqolada yozilishicha, Chengdu Vu universitining professori Chung-sze Xitoy imperator xonadoniga tegishli tarixiy yozuvlarni o‘rganayotib g‘ayrioddiy dalilga duch keladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Xitoy imperator xonadoni 1827 yilda Li Sin’yunni 150 yoshi bilan qutlab maktub yo‘llaydi. Oradan 50 yil o‘tib, 1877 yilda xuddi shunday qutlov xati Li Sin’yunga 200 yoshga kirishi munosabati bilan yo‘llangan.

New York Times gazetasining jurnalisti 1928 yilda yozishicha, u Li Sin’yun haqida uning qo‘ni-qo‘shnilaridan so‘rab-surishtirganida uni bilgan keksa insonlar ularning ota-bobolari ham bolalik kezlaridan Li Sin’yunni yaxshi bilganlari, o‘sha kezlarida ham u katta yoshli odam bo‘lganini aytishgan.

Li Sin’yun dorivor giyohlar savdosi bilan shug‘ullangan. 10 yoshidan boshlab tog‘-toshlarda giyoh tera boshlagan Li Sin’yun bu o‘tlar unga uzoq yil umr kechirishiga yordam berishini anglagan. U deyarli 40 yil mobaynida faqatgina linchji, godji urug‘i, yovvoyi jenshen giyohlaridan iste’mol qilib, guruch vinosidan ichib, parhez saqlagan.

Bo‘yi 2 metr 10 sm bo‘lgan kelbatli Li Sin’yun 1749 yilda 71 yoshda Xitoy armiyasiga jang san’ati muallimi sifatida qabul qilinadi.

Li yirik oilaning boshlig‘i bo‘lgan. U 23 marotaba turmush qurgan va 200 dan ziyod farzandning otasi bo‘lgan.

U yashab o‘tgan hudud aholisining so‘zlariga ko‘ra, Li bolaligidanoq o‘qish-yozishni o‘rgangan va giyoh izlash barobarida 10 yoshiga qadar Gansu, Shansi, Tibet, Annam, Siam hamda Manjuriya kabi o‘lkalarga sayohat qilgan.

Umrining ilk 100 yilligida Li Sin’yun dorivor o‘tlar savdosi bilan shug‘ullangan. So‘ngra u giyohlarni boshqalardan sotib ola boshlagan. Ayniqsa, linchji, godji urug‘i, yovvoyi jenshen, xi shu vu, osiyo sentellasi (Gotu Kola) giyohlari uning savdo faoliyatida muhim o‘rin egallagan.

Ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda tog‘larda giyoh izlab yurgan Li 500 yoshdagi insonni uchratadi va undan uzoq umr ko‘rish sirlarini, jumladan sigun nafas olish mashqlarini o‘rgatib, parhezga oid tavsiyalarni beradi.

"Men bu dunyoda qilishim lozim bo‘lgan ishni qilganim uchun ham uzoq yashadim. Endi esa uyga ketish fursati keldi", degan ekan Li Sin’yun umri adog‘ida. Ehtimol, bu so‘zlar uzoq va baxtiyor umrning eng muhim sirlaridan biridir? Biz esa taraqqiy etgan jahonda umrimizni infraqizil nurli yuqori texnologiyalar hamda zamonaviy dori-darmonlar yordamida uzaytirishga urinayotganimiz qiziq holat.

Kunlardan bir kuni Lidan uzoq umr ko‘rishning siri to‘g‘risida so‘ralganida u quyidagicha javob bergan: "Yurakni osoyishtalikda saqlang, toshbaqa misol o‘tiring (bir joyda uzoq o‘tirib qolmang), kabutar kabi doimo tetik yuring va soqchi it kabi hushyor yoting".

Lining tasdiqlashicha, ichki olam va xotirjamlikning to‘g‘ri nafas olish mashqlari bilan uyg‘unlashuvi uzoq yashash uchun juda muhim. Uning parhezi ham uzoq yashashida muhim o‘rin tutgan. Ajablanarli tomoni shundaki, Yer yuzidagi bizga ma’lum bo‘lgan eng uzoq umr yashagan inson shuncha yil umrguzaronlik qilgani sababini o‘zining aqliy holati bilan ham bog‘lagan. Ya’ni, uning fikricha, vaqt o‘tib insonning aqliy salohiyati pasayib borgani sayin o‘lim xavfi tobora oshib boradi. Shu bois, aqliy mehnatni ham kanda qilmang.

Bugun jahon miqyosida o‘rtacha umr ko‘rish miqdori 65 yilni tashkil etadi va bugungi odamlar hatto 100 yoshdan keyin ham yashash mumkinligiga shubha bilan qarashadi. 200 yildan uzoq umr ko‘rgan insonni tasavvur qilish esa odamlarga go‘yoki qadim afsonadek gap.

Biz mashaqqatli ish grafigi asosida ishlamaydigan, umri kreditni to‘lash tashvishlaridan xoli bo‘lgan, shaharning ifloslangan havosidan nafas olmaydigan va muntazam jismoniy harakatdagi odamlarning bo‘lgani va bugun ham borligini hisobga olishimiz kerak. Ular qayta ishlangan shakar, un yoki boshqa iste’mol mahsulotlariga bizchalik mukkasidan ketishmagan. Ular qo‘llarini taomga bizchalik ko‘p cho‘zishmaydi.

Uzoq yashaydiganlar yog‘li ovqatlarni, shirin desert va geni o‘zgartirilgan mahsulotlarni yeyishmaydi. Ular spirtli ichimlik ichib, tamakiga bog‘lanib qolishmagan. Ularning taomlarining tarkibi zararli moddalardan xoli va tana, immun tizimiga ta’sir qiluvchi tabiiylikka to‘la.

Uzoq yashovchi insonlar umrlarining bir qismini tabiat bag‘rida o‘tkazadilar, ruhiy zavq olib, to‘g‘ri nafas olish texnikasi bilan shug‘ullanadilar. Bu esa ularning ruhiy, hissiy salomatliklari uchun juda muhim.

Ya’ni, hammasi insonning o‘z tana salomatligiga nisbatan to‘g‘ri munosabatiga bog‘liq. Shunda, ehtimol, insonlar bir vaqtlarda bo‘lgani kabi yana 500 yillar umr kechirishi mumkin bo‘lar.