Bilasizmi?

25 yildan beri kutilayotgan “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilindi

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama etilmoqda, u ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solishi va davlat xizmati mexanizmini takomillashtirishi lozim.

Qonun loyihasining moddalaridan biri (25), barcha davlat xizmatchilariga (texnik guruh xodimlari toifasidagilar bundan mustasno) har yili mol-mulki haqida deklaratsiya, daromadlari va katta xarajatlari to‘g‘risida ma’lumot berishini majburiy qilib qo‘yishni taklif etmoqda.

Agar qonun qabul qilinsa, davlat xizmatchilari o‘z oila a’zolari, shu jumladan ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlarining mol-mulki, daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishga majbur bo‘ladi.

Ayrim toifadagi davlat xizmatchilari uchun (ularning ro‘yxati prezident tomonidan belgilanadi) mulkka, daromadlarga va katta xarajatlarga qo‘shimcha talablar belgilanishi mumkin.

Davlat xizmatiga qabul qilinish uchun barcha nomzodlar, ularning birinchi darajali qarindoshlari bo‘lgan oila a’zolarini davlat xizmatiga kirish vaqtida mol-mulk deklaratsiyasi, daromadlar va va katta xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi majburiy qilib qo‘yilishi mumkin.

«Deklaratsiyani topshirganlik haqidagi ma’lumot davlat xizmati ishlari bo‘yicha vakolatli organ tomonidan, nomzodning davlat xizmatiga qabul qilish haqidagi qaror chiqarilgunga qadar tekshiriladi», - deyiladi loyihada.

Xizmatchi noto‘g‘ri va to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarni taqdim etsa (yoki umuman topshirmasa), bu uni ishdan bo‘shatishga asos bo‘ladi.

Hujjatni 5 iyunga qadar muhokama qilish mumkin. Kuchga kiritilishi rejalashtirilgan sana - 1 iyul.