“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida eng kam ish haqining yuz ellik baravarigacha miqdorda bo‘lgan kredit mablag‘lari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini tavsiyanomalari asosida berilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda O‘zLiDeP matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur dastur respublikaning har bir tuman va shahrida, eng avvalo, olis va tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir hududlarda istiqomat qilayotgan aholining moddiy sharoitini yaxshilash, turmush sifati va darajasini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Prezidentning “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida olinayotgan imtiyozli kreditni rasmiylashtirishda ortiqcha qog‘ozbozlik va yugur-yugurlar talab etilmaydi.
Qarorga muvofiq, eng kam ish haqining yuz ellik baravarigacha miqdorda bo‘lgan kredit mablag‘lari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘ini tavsiyanomalari asosida berilishi ko‘zda tutilgan.
Dasturda ilgari tadbirkorlik va daromad keltiradigan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmagan aholi qatlamiga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish va tegishli faoliyat turini tashkil qilishga amaliy yordam ko‘rsatishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Ushbu tashabbus samaradorligini ta’minlash maqsadida tajribali tadbirkorlar endigina biznes bilan shug‘ullanishni boshlagan oilalarga biriktiriladi – mini-klasterlar tashkil etiladi. Qishloq va mahallalarda bo‘sh turgan yer maydonlarini yangi tashkil etilayotgan oilaviy tadbirkorlik sub’yektlariga hech qanday moneliksiz beriladi.
Dasturga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha tashkiliy ishchi guruhlar tuzildi.
Dasturga muvofiq tuzilgan Hududiy ishchi guruhlar esa bevosita aholi bilan ishlaydigan guruhdir. Hududiy ishchi guruh har bir oila va xonadonni tadbirkorlik bilan shug‘ullanish salohiyati, istak va takliflarni sinchkovlik bilan o‘rganish, ularning tadbirkorlik g‘oyasi va ko‘nikmasini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan shaxslarga tijorat banklari tomonidan kredit ajratishni tashkillashtirish, aholining shaxsiy tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish yuzasidan takliflar berish va ularni amalga oshirish ham Hududiy ishchi guruhlarning vazifasidir.