Bilasizmi?

2019 yil uchun davlat byudjeti tasdiqlandi

Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari muhokamasida senatorlar Davlat byudjeti mablag‘lari nimalarga sarflanishiga e’tibor qaratdi.

2019 yilda Davlat byudjeti daromadlari 102,6 trln. so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda, bu esa 2018 yilga nisbatan 38% o‘sishni anglatadi. Davlat byudjeti xarajatlarining umumiy summasi 107,1 trln. so‘mni yoki joriy yilga nisbatan 36,4 foizga ko‘proqni tashkil etadi.

Bunda ijtimoiy sohaga Davlat byudjetidan sarflanadigan xarajatlar 57,8 trln. so‘mdan ortiqni yoki barcha xarajatlarning 54 foizini tashkil etadi (2018 yilga nisbatan o‘sish – 34,4 %). Bunda ta’limga sarflanadigan xarajatlar avvalgi yilga nisbatan 25,5 foizga oshadi va 28,4 trln. so‘mni yoki barcha xarajatlarning 49 foizini tashkil etadi. 

Sog‘liqni saqlashga sarflanadigan xarajatlar 2018 yilga nisbatan 30,5 foizga oshadi va 12,1 trln. so‘mni yoki barcha xarajatlarning 11,3 foizini tashkil etadi. Ijtimoiy nafaqalar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam va kompensatsiyalar to‘lash uchun sarflanadigan xarajatlar 5,2 trln. so‘mni tashkil etadi, bu esa 2018 yilga nisbatan 61,8 foizga ko‘proqdir.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 478 ta aholi punktida yashash sharoitlarini yaxshilashga 6,3 trln. so‘m yo‘naltiriladi. 2019 yilda Davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,1% miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Keyingi yilda ish haqi, pensiyalar, ijtimoiy to‘lovlar va stipendiyalarni har yarim yilda avvalgi yildagi inflyasiya darajasidan past bo‘lmagan miqdorda oshirish taklif etildi. 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini mutlaq summada belgilash nazarda tutilmoqda. 

Muhokama yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.