2018 yilning yanvar-may oyida O‘zbekistonda 25,2 mingtaga yaqin korxonalar va tashkilotlar yangi tashkil etildi, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,4 mingtaga ko‘pdir, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi (PDF).
Shu bilan birga, faoliyati tugatilgan korxona va tashkilotlarning soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,1 foizga kamaygan hamda ularning soni 6,9 mingtani tashkil etgan. Buning natijasida joriy yilning boshiga nisbatan faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 17,8 mingta (6,2 foiz)ga o‘sgan hamda ularning umumiy soni 303,3 mingtani tashkil etgan.
Faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar va tashkilotlarning asosiy ulushi Toshkent shahrida (21,1 foiz), Toshkent (9,6foiz), Farg‘ona (8,9 foiz) va Andijon (8,6 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 1 iyun holatiga ko‘ra 6127 tani tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan 933 taga yoki 18,0 foizga o‘sgan. Shuningdek, xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalardan 3374 tasi qo‘shma korxonalar, 2753 tasi esa xorijiy korxonalar hisoblanadi.
Ularning asosiy qismi Toshkent — 3949 ta (64,5 foiz), Toshkent viloyati — 677 ta (11,0 foiz) va Samarqand viloyati — 331 ta (5,4 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng kam xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan korxonalar Xorazm — 51 ta (0,8 foiz), Qashqadaryo — 58 ta (0,9 foiz), Navoiy — 69 ta (1,1 foiz) va Surxondaryo — 89 ta (1,5 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa mazkur hududlarda xorijiy hamkorlar bilan ishlashni, investitsiyalar jalb etish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni yanada rivojlantirishni talab etadi.
Yanvar-may oyida xorijiy kapital ishtirokidagi ro‘yxatdan o‘tgan yangi korxonalarning soni 776 tani tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 496 taga ko‘paygan yoki 2,8 baravarga oshgan.
Bunda, Rossiya rezidentlari kapitali ishtirokida — 158 ta, Turkiya — 118 ta, Qozog‘iston — 87 ta, Xitoy — 106 ta va Koreya Respublikasi- 70 ta yangi korxonalar ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, 2018 yilda Afg‘oniston,Hindiston, Germaniya, Ukraina, Ozarbayjon va boshqa davlatlar rezidentlari ham qo‘shma faoliyatga qiziqish bildirdi.