Madaniyat

2016 yilda erkaklar orasida urf bo‘ladigan soch olish usullari

O‘zini hurmat qiladigan har bir erkak tashqi ko‘rinish ham shaxsiy hayotda, ham mehnat faoliyatida muvaffaqiyatga erishishning muhim elementlaridan biri ekaniga qat’iy ishonadi. Sochni chiroyli uslubda kaltalatish imijni shakllantirishda katta ahamiyatga ega.

Albatta, erkaklarning sochni kaltalatish uslublari ayollarniki kabi tez o‘zgarib turadigan holat emas. Biroq kuchli jins vakillari shaxsiy imijini yaratish uchun bir qator internet nashrlarida har yili urfga kiradigan usullar e’lon qilinadi. Quyidagi taqdim etilayotgan sochni kaltalatish uslublari kimlargadir yangi g‘oyalarni taqdim etsa ajab emas.

Birinchi navbatda hech qachon urfdan qolmaydigan uslub – qisqa kaltalatishni aytish joiz. Ushbu uslub eng ommabop bo‘lib, alohida parvarishni talab qilmaydi va hamma joyda qat’iy hamda batartib ko‘rinadi. Shuning uchun ham qisqa kaltalatish ko‘plab erkaklarga ma’qul keladi.

Yangi mavsumda talabgir va keng ommalashayotgan usullardan biri granj hisoblanadi. U o‘ziga alohida e’tibor qaratadiganlar uchun aynan mos tushadi. Asosiy o‘ziga xosliklari: qisqa yoki o‘rtacha soch uzunligi, peshonaga tushirilgan soch tutami, yon va ensa sochlarining kalta qilib olinishi.

XVIII asrda fransuz kiborlarida urf bo‘lgan “Pompadur” soch qisqartirish uslubi bu yilda ham keng ommalashadi. Bunda chakka sochlar qisqa olinib, uzun tepa sochlar peshonadan boshlab baland qilib orqaga taraladi. “Pompadur” bir necha mavsumdan buyon urfda turgan Anderkat usuliga juda o‘xshab ketadi. Ular o‘rtasidagi farq soch uzunligi va taralish uslubidadir.

Har qanday libos – kostyum-shimdan tortib, jinsigacha bilan mos tushib ketaveradigan Undercut (inglizchada pastga qarab qirqilgan ma’nosini beradi) qisqa va o‘rtacha uzunlikdagi sochlarda amalga oshiriladi. “Pompadur”dan qisqa chakka sochlari va boshning orqa tomoniga qarab taralgan uzun sochlar bilan farqlanadi.

Kanadka – bir necha yillardan buyon urfdan qolmayotgan usullardan. 2016 yilgi mavsumda e’tibor kokillarga qaratiladi – u rosmana qat’iy, tekis bo‘lmagan liniyali ko‘rinishga ega. Mazkur usul ko‘proq qisqa ko‘rinishdagi kaltalatishdan zerikkan va o‘z obrazini yangilamoqchi bo‘lganlarga ayni muddao. Kanadka universal usul bo‘lib, batartib va chiroyli ko‘rinadi, har qanday yuz va tana shakli bilan mos tushaveradi.

Bu turdagi soch kaltalatish uslubi birmuncha sodda: yon tomonlardagi, ayrim hollarda orqadagi sochlar juda kalta qilib olinadi. Ayni paytda peshon va tepa sochlar uzunligicha qoldiriladi. Kalta sochlardan uchi tepaga qaragan uzunroq qismlarigacha borgan har bir oraliq to‘lqinsimon shakl hosil qilishi kerak. Stilistlar bunda qotiruvchi vositalardan foydalanishni tavsiya etishadi.

Britanka deb nomlanuvchi retro-uslub bu yil ham erkaklar o‘rtasida keng urfda bo‘ladi. U anchagina universal bo‘lib, qat’iy-rasmiy yoki yoshlarbop-noformal uslublarda ham qo‘llanilishi mumkin. Har qanday holatda uslub qat’iy va muvaffaqiyatli bo‘lib qolaveradi. Britanka ayniqsa qalin va o‘rtacha uzunlikdagi sochlarga maqbul tushadi.

Shuningdek, britanka yosh va baland bo‘yli erkaklarga yarashadi. Yuqorida tavsifi keltirilgan Undercut zamonaviy soch kaltalatish uslubi ham aslida britankaning ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.