Bilasizmi?

100 yoshdan oshish uchun ilmda isbotini topgan 7 tavsiya

  1. Ijobiy shaxsiyat

Stenford universitetida 1921 yildan buyon uzoq yashash sirlarini o‘rganishga bag‘ishlangan loyiha amalga oshirib kelinadi. 2011 yilda loyiha uzoq umr va shaxsiyatga oid bog‘liqlikni e’lon qildi. Unga ko‘ra, aqlli, qat’iyatli, tartibli, mehnatdan qochmaydigan insonlarning uzoq umr ko‘rish imkoni yuqori bo‘lar ekan. Boisi, bu fazilatlarga ega insonlarda tushkunlik, xafaqonlik kabi salbiy ta’sirlar deyarli kuzatilmaydi.

  1. Illatlardan voz keching

Misol uchun, kashandaning boshqalarga qaraganda 10 yil kamroq yashashi ilmiy jihatdan asoslangan. Ammo 45 yoshgacha bo‘lgan tamaki chekuvchi bu illatdan voz kechsa, yana uzoq yillar mobaynida umrguzaronlik qilish imkoniga ega bo‘ladi. Spirtli mahsulotlarni surunkali iste’mol qilish ham o‘ta xavfli odatdir. Shu bois, imkon borida ulardan voz keching.

  1. Baliq moyi

2013 yilda Harvard universitetining Salomatlik maktabi e’lon qilgan ilmiy izlanishlarga ko‘ra, tanasida omega-3 yog‘ kislotasi miqdori yuqori bo‘lgan insonlar nisbatan uzoq umr kechirib, yurak xastaligiga chalinish ehtimoli 35 foizga kamayar ekan.

Zig‘ir yog‘i, losos, yong‘oq, skumbriya hamda ismaloq omega-3 yog‘ kislotasiga boy bo‘ladi. Ularning salomatlikka foydasi serob, tarkibidagi vitaminlar tushkunlikka qarshi kurashib, kayfiyatni ko‘taradi, qondagi xolesterin miqdorini nazorat qiladi.

  1. Ta’lim oling

Bir oz avval 256 yil yashagan xitoylik  Li Sin’yun haqida ma’lumot bergan edik. Bu inson o‘zining uzoq yashashini aqliy salohiyati bilan bog‘laydi. Ya’ni, aqlning ziyrak turishi odamning uzoq yashashini ta’minlar ekan. Buning uchun esa bilim kerak bo‘ladi.

2012 yilda AQShning Kasalliklarni nazorat qilish markazi tadqiqot o‘tkazib, oliy ta’limga ega insonlarning maktab ta’limiga egalarga qaraganda 10 yil uzoq yashashini aniqlagan.

Qolaversa, o‘qimishli bo‘lish tanani ortiqcha jismoniy zo‘riqishlardan himoya qilib, sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishga yordam beradi.

  1. Bir joyda ko‘p o‘tirib qolmang

O‘tirish bugungi zamon kishilarining surunkali odatiga aylandi. Ishlash yoki dam olish hammasi uzoq o‘tirishni taqozo qiladi. Xususan, bugungi odamlar kun davomdia 9.3 soatini o‘tirib, 7.3 soatini uxlab o‘tkazmoqda.

Yomon tomoni shundaki, kun davomida 6 soatdan ortiq bir joyda o‘tirib qolish keyingi 15 yilda o‘lish xavfini 40 foizga oshirar ekan. Sababi, o‘tirganda tana faoliyatida, xususan ovqat hazm qilishda, modda almashinuvida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.

Bu xavfdan xalos bo‘lishning yagona yo‘li esa, har 30 daqiqada turib oyoq chigallarini yozishdir.

  1. Keksalikda ham mashq qiling

65 va undan keksa bo‘lganlar orasida o‘tkazilgan tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, haftada 2 marotaba mashg‘ulot zaliga qatnaydiganlarda uzoq umr ko‘rish ehtimoli 46 foizga oshar ekan. Ammo bu yoshdagi 9 foiz odamgina mashq qilishga hafsala qilar ekan.

  1. Ijobiy, ammo haqiqatga tik qaraydigan bo‘ling

Atrofimizdagi minglab reklama va materiallar ijobiylik uzoq umr ko‘rishning bosh omili ekanini aytsa ham, tadqiqotlar buning o‘zi yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. 100 yoshdan o‘tganlar yubileyni faqatgina hayotni ijobiy qabul qilganlari uchun nishonlamaydilar. Ular shu bilan birga haqiqatga tik qaraydilar. Kerakli vaqtda qat’iyatli qaror qabul qilishdan ular qo‘rqmaydilar. Boisi hadeb kulib, jilmayib yurgan bilan hayot go‘zallashib qolmaydi.

Yuz bilan baxtiyor yuzlashish sizga nasib qilsin!