«Sanoqli kunlardan so‘ng ikki yillik malaka oshirish kurslarida o‘qib ulgurmagan yuridik shaxsga tegishli avtoulov haydovchilarini jarima kutmoqdami yoki yo‘q?» — degan masalani ko‘tardi O‘zA.
1 iyul sanasiga oz qoldi. O‘zbekiston hududida harakatlanayotgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan avtotransport haydovchilari shu sanadan so‘ng maxsus sertifikatlari bo‘lmasa jarimaga tortilishi mumkin. Chunki yuridik shaxslarning haydovchilari qonun hujjatlarida belgilangan hollarda malaka oshirganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lishi va uni YHX xodimlariga taqdim etishi shart. Maxsus sertifikatga ega bo‘lish uchun esa haydovchilar har ikki yilda malaka oshirish huquqiga ega bo‘lgan avtomaktabda o‘qishi lozim.
Shaharda esa yuridik shaxsga tegishli ekanligini bildiruvchi raqamlar ostida harakatlanayotgan avtomobillar talaygina. Ularning barchasi ikki yillik malaka oshirish kurslarida tahsil olib ulgurdimi?
Axir, mazkur masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasining qarori chiqqaniga (4.09.2017) ko‘p vaqt bo‘lmadi. Qolaversa, unga 23.02.2018 sanasida o‘zgartirish kiritildi. Norma elektron nashri sharhlovchisi 1 iyuldan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan avtomobil haydovchilarini jarimaga tortish bahsli masala ekanligiga sharh berib o‘tgan edi.
Unga ko‘ra «Malaka oshirish davriyligi amaliyotda nizolarga olib kelishi mumkin. Sertifikat blankasida «berilgan sana» va «amal qilish muddati» ustunlari nazarda tutilgan, ya’ni uning amal qilish muddati qayd etiladi. Davlat YHXX inspektorlari sertifikatga qarab, «2 yilda 1 marta» davriyligiga amal qilingan-qilinmaganligini oson bilib oladi.
Biroq yuridik shaxslarning sertifikat olib ulgurmagan har bir haydovchisi uni 1.07.2018 yilgacha olishi majburiy yoki majburiy emasligi aniq emas», deyiladi sharhda.
Gap shundaki, 2 yillik davr quyidagi paytlardan boshlab hisoblanishi mumkin:
- haydovchilik guvohnomasi olingan paytdan boshlab;
- 02.2018 yildan, ya’ni malaka oshirish majburiyati joriy etilgan kundan boshlab.
Ushbu ikki vaziyat yuzasidan haydovchi va Davlat YHXX inspektorlari o‘rtasida bahs yuzaga kelishi mumkin.
«Yo‘l harakati qoidalarining 7-bandida vaziyatga oydinlik kiritilmagan. Sertifikat «qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda» mavjud bo‘lishi kerak. Biroq qonun hujjatlarida aniq payt mavjud emas», deb yozadi Norma nashri sharhlovchisi.
Mazkur muammoni quyidagi ikki xil vaziyat bilan izohlash mumkin.
- Fuqaro 27.10.2007 yilda haydovchilik guvohnomasini oldi. Haydovchilik staji 10 yildan ortiq. 1.07.2018 yilda hujjatlarni tekshirish chog‘ida Davlat YHXX inspektori sertifikatni talab qiladi. Haydovchi esa malaka oshirish majburiyati joriy etilgan paytdan boshlab hali 2 yil o‘tmaganini va u malaka oshirishga majbur emasligini aytib, o‘zini oqlamoqchi bo‘ladi.
- Haydovchi 1.07.2017 yilda haydovchilik guvohnomasini oldi. 1.07.2018 yilda hujjatlarni tekshirish chog‘ida DYHXX inspektori sertifikatni talab qiladi. Fuqaro haydovchilik staji atigi 1 yilni tashkil etishi va u malaka oshirishga majbur emasligini aytadi.
Demak, sanoqli kunlardan so‘ng ikki yillik malaka oshirish kurslarida o‘qib ulgurmagan yuridik shaxsga tegishli avtoulov haydovchilarini jarima kutmoqdami yoki yo‘q? Agar ular jarimaga, tortilsa qonundagi qaysi aniq sanaga binoan ularni jarimaga tortish mumkin? O‘zA bu masalalarga ham aniqlik kiritishni va’da qildi.