Bilasizmi?

Uy qurish uchun g‘ishtlar

Maqolani boshlashdan avval juda ushbu maqolaga mos tushadigan ajoyib hind maqola yodimga tushdi:

Amalni eksang – odat o‘sib chiqadi.

Odatni eksang – xarakter o‘sib chiqadi.

Xarakterni eksang – taqdir o‘sib chiqadi.

Ushbu maqol odamni o‘ylantirib qo‘yadi: Nahotki biz bajarayotgan u yoki bu amallar odam hayotida muhim o‘rinni egallasa?

Bizning hayotimiz, agar mantiqan o‘ylab qarasak, turli odatlardan iborat. Kun davomida o‘zimizni qanday tutishimiz, fikrlashimiz, biz ishonadigan turli irim-sirimlar, qaysidir odamni yoqtirish yoki yoqtirmasligimiz – bularning hammasi odatdan boshqa narsa emas. Yo‘limizda uchraydigan har bir yangilikni miyamiz avvalo xavfsiz yoki xavfliligini tekshirib ko‘radi, sekin asta bu yangilikka ko‘nikamiz, keyin esa u odat tusiga kiradi. Bizning istaklarimiz kelajakdagi taqdirimizni shakllantirib, atrofimizda shu taqdirga mos odamlarni paydo qiladi, biz aynan istaklarimiz, odatlarimizga ko‘ra atrofimizdagi real voqe’likni shakllantiramiz .

Psixologiya fanida “odat” degan tushunchaga quyidagicha ta’rif beriladi: Odat – bu yaxshi o‘zlashtirilgan amal bo‘lib, odam bu amalni har doim bajarishga ehtiyoj sezadi. Odat biron bir amal ko‘p marotaba takrorlanganda paydo bo‘ladi va ongimizda mustahkamlanadi. Ongimizda odat mustahkamlanishi uchun biz odatning shakllanishiga sabab bo‘ladigan amaldan har doim zavqlanishimiz kerak. Shunday ekan, odatning shakllanishi uchun faqat amalni takrorlash kifoya qilmaydi, balki undan zavq olish ham muhimdir.

Psixologlarning tadqiqotlari natijasida shu ma’lum bo‘ldiki, biron bir odatning paydo bo‘lishi uchun odamlarga 18 kundan 254 kungacha vaqt kerak bo‘lar ekan. Biroq, yuqorida aytib o‘tganimizdek, odatning shakllanishida amaldan zavqlanish juda muhim, aks holda odat 1 haftada ham, 1 oyda ham shakllanmaydi.

Kundalik hayotimizda odatdan tashqari, “ko‘nikma” ham muhim ahamiyatga ega. Biroq ko‘nikma va odat bir-biridan farq qiladi. Ularni adashtirmang. Ko‘nikma – bu o‘rganish va iroda yo‘li bilan bajarilgan va keyinchalik mustaqil bajariladigan harakatlardir. Masalan velosiped haydash bu odatmi? Axir biz velosiped haydashni bir o‘rganib olsak, keyin uni bemalol boshqaramizku? Yo‘q bu odat emas, lekin masalan, velopisedda ishga kelish oldidan har kuni kafega kirib o‘tish bu odat.

Odat va ko‘nikmaning bir-biridan farqi shundaki, odat doimo ijobiy va yoqimli hislar bilan bog‘liq bo‘ladi. Odatni xuddi bizga zavq bag‘ishladigan marosimga o‘xshatish mumkin. Ko‘nikma esa bunday hislardan holi. Shunday ekan, odatdan ko‘ra, ko‘nikmani shakllantirish osonroq, sababi, ko‘nikmani paydo bo‘lishi uchun amalni qayta-qayta takrorlashning o‘zi kifoya.

Odamda biron narsaga majburlagash orqali ko‘nikmani shakllantirish mumkin (masalan, bolaga yozishni o‘rgatganda), biroq odat uchun majburlash usuli foydasizdir. Agar odam biron bir amalni bajarganda ruhiy zavqlanish olsa, yoki yoqimli hislarni tuysa, bu amalni qayta bajarishga intiladi va odat juda tez shakllanadi.

Miyamizda serotonin moddasi ishlab chiqariladi. Aynan serotonin biron narsaga o‘rganishimiz va unga nisbatan ko‘nikishimizga olib keladi. Serotonin esa odam o‘zida yoqimli hislarni sezganda ishlab chiqariladi. Biz salbiy hislarni o‘zimizda sezganimizda esa noradrenalin ajraladi. Shunday ekan qanday amal bizda yoqimli yoki salbiy hislarni paydo qilishiga qarab, bu u yoki bu amalni bajarishga intilamiz yoki uni bajarishdan qochamiz.

Xo‘sh bizning odatlarimiz zararlimi yoki foydalimi?

Odatlar bizning bu dunyodagi hayotimizni qanday kechishiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Albatta har birimiz “zararli odatlardan” qutulib, “foydali odatlarni” shakllantirishga harakat qilamiz. Zararli odatlar deganda, biz sog‘lig‘imizga zarar keltiradigan va umuman bizning atrofimizni o‘rab turgan va biz bilan doimiy muloqotda bo‘ladigan odamlar noto‘g‘ri deb qabul qilgan odatlarni tushuniladi. Masalan, doimiy fastfud iste’mol qilish sog‘liq uchun zararli, tirnoqni tishlar yordamida olish esa kimgadir oddiy va shu bilan birga bezarar odatdek tuyulsa ham, atrofdagilar nazarida jirkanishga sabab bo‘ladi. Xo‘sh zararli odatlarning asl mohiyati nimadan iborat? Nima uchun biz ba’zida zararli odatlarga intilamiz? Gap shundaki, odam o‘zini xavfsiz, qulay sezishi, lazzat olishi uchun turli odatlarni o‘zida shakllantiradi. Odam xavfsizlik, qulaylik, lazzat hislariga erishish uchun foydali odatlar bilan birga zararli odatlardan ham foydalanadi. Har qanday zararli odatda (hoh u fastfud iste’mol qilish yoki sigaret chekish bo‘lsin) shunday narsa borki, odam odatning zararli ekanligini ongli ravishda tushunib yetsa-da, beixtiyor uni qilishga majbur, sababi, shu tufayli u yuqoridagi hislarga erisha oladi.

Bizning ruhiyatimiz shunday tuzilganki, biz har doim lazzatga yoki xotirjamlikka eng qisqa yo‘l orqali erishishga harakat qilamiz. Eski odat bilan xayrlashish uchun biz yangi odatni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Lekin yangi odat bizga eski odatdan ko‘ra, ko‘proq lazzat bera olgandagina biz eski odatni tashlay olamiz.

Biroq jamiyatda odatlarning turlari ko‘p. Ularni juda oddiy va murakkab odatlarga bo‘lish mumkin. Murakkab odatlar – o‘z nomi bilan murakab, zero ichkilikka berilgan odamga oddiygina qilib “o‘zingizni qo‘lga oling, irodali bo‘ling” deyish bilan ish bitmaydi. Bunday odatlarni davolashda odamning bir o‘zi hech narsa qilolmaydi, albatta mutaxassis yordami kerak.

Qulaylik hududi”

Odamzot hamma narsaga ko‘nikadi. Bu gap juda to‘g‘ri aytilgan, zero shunday odamlar borki, ular iflos joylarda yashaydi, yomon ovqatlanadi, janjalkash bo‘ladi. Biz bunday vaziyatda – “ular shunga ko‘nikib qolgan” deymiz. Biroq bunday salbiy hayotga qanday ko‘nikish mumkin? Nazarimizda bunday hayot bilan yashab bo‘lmaydigandek tuyuladi. Biroq bizning organizmimiz hamma narsaga moslashuvchan. Ertami, kechmi odam har qanday vaziyatda yuzaga keladigan salbiy kechinmalarga o‘rganib qoladi: bu kechinmalar “o‘tmaslashib qoladi” yoki ular “orqa fonga o‘tib ketadi”, aniqrog‘i ular bizni bezovta qilmay qo‘yadi. Organizmimiz har qanday sharoitga ko‘nikish yo‘llarini izlaydi, aks holda u faoliyat ko‘rsatishdan to‘xtaydi. Hayot kechirish odam uchun – bu dunyodagi eng muhim narsa, shunday ekan u o‘limni orqaga surish uchun hamma narsaga ko‘nikadi. Shunday yo‘l bilan odam o‘zi uchun “qulaylik hududini” yaratadi. Bu “qulaylik hududida” odam o‘zini balki xavfsiz sezishi mumkindir, lekin u yangi narsalarga intilmaydi, rivojlanmaydi, dunyoni o‘rganmaydi. Qulaylik hududida yashagan odam o‘z orttirgan odatlaridan qutulishi juda qiyin bo‘ladi. Qutulish uchun odam o‘zida shunday “qulaylik hududi” mavjudligini anglab yetishi va bu hududdan chiqish uchun faol izlanishi kerak.

Odatlarni o‘zgartirish uchun bizga turtki kerak. Biz odatlar osonlikcha paydo bo‘lmasligini tushundik. Masalan, odam nonushtaga buterbrod o‘rniga suli yormasidan bo‘tqa (ovsyanaya kasha) iste’mol qilishga ahd qildi, deylik. Biroq, u ba’zi hollardagina ushbu bo‘tqani tayyorlash uchun o‘zida kuch topa oladi. Chunki kolbasali buterbrod tayyorlash uchun ko‘p mashaqqat talab etilmaydi, shuning uchun ham odam “qulaylik hududidan” chiqmagan holda kolbasali buterbrod iste’mol qilishni afzal ko‘radi. Qiyinchilik tug‘diradigan va yoqimsiz hislarni yuzaga keltiradigan ishlar bizda odatning shakllanishiga halaqit beradi. Odam vazn yo‘qotish maqsadida qiladigan parhezlarining “samarasizligi” zamirida ham shu tamoyil yotadi.

Biz biron odatni o‘zimizda shakallantirishga harakat qilar ekanmiz, uni butun jamiyat tomonidan qabul qilinganligiga emas, balki o‘zimiz bu odatdan nima foyda topayotganligimizga qarab ish tutishimiz kerak. Masalan, yana o‘sha bo‘tqa masalasiga kelsak, biz buterbroddan so‘ng oshqozonga “quloq tutishimiz” zarur, so‘ngra, bo‘tqa iste’mol qilgandan so‘ng oshqozon uni qanday hazm qilganiga e’tibor berishimiz kerak. Bo‘tqa yengil hazm bo‘lib, uzoq vaqt bizni to‘q tutganiga ishonch hosil qilgach, biz ertami, kechmi bo‘tqa iste’mol qilishga odatlana boshlaymiz.

So‘nggi so‘z o‘rnida shuni aytishim kerakki, biz har bir bajarayotgan amalimizga ongli nazar bilan qarasak, kelajakda zararli odatlarimizda qutulib, foydalilarini ko‘paytirishimiz mumkin bo‘ladi.

Maqola muallifi: Nadejda Navrotskaya

Rus tilidan Umid Abdusattorov tarjimasi

"Hayot sifati" sahifasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.