Salomatlik

Tuyaning peshobi bilan davolanishning oqibatlari

So‘nggi yillarda ko‘payib borayotgan saraton xastaligiga qarshi tuya suti va peshobidan foydalanilayotgani haqida ko‘p eshityapmiz. Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz ham bu kasallikka qarshi kurashish uchun tuyachilik fermalari mavjud Jizzax, Navoiy, Qoraqalpog‘iston hududlariga borishmoqda.

O‘tmishda dezinfeksiya qiluvchi dori vositalari kashf etilmagan davrda arablar yara-chaqalar yoki jarohatlarni yosh tuya peshobi bilan yuvishgan. Hozir ham cho‘lu biyobonlarda shu usul qo‘llanadi. Yana ular a’zoi-badanlari behol bo‘lganda yohud ichaklarida og‘riq his etganlarida tuya peshobi va sutini ichib davolanganlar.

Ayni kunlarda Arabistonda yashovchi beduin qabilasi vakillari hozirda ham tish og‘rig‘i, milklar yallig‘lanishi, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarida og‘izlarini yosh tuya peshobi bilan chayishadi. Shuningdek, ular sochning quyuq o‘sishi uchun va qazg‘oqning oldini olishda tuya peshobini qo‘llashadi. Bitni yo‘qotishda ham bu usul samarali hisoblanadi. Yana tumov va shamollashda tuya peshobi bilan burun chayiladi. Ko‘z yallig‘lanishida tuya peshobi bilan yuviladi.

Chipqon va maddali (tagi qattiq yiring boylagan) yaralarning yetilishida tuya peshobiga ezilgan  aloe bargi aralashtirib malham tayyorlanadi. Bediunlar shu malhamni bemorning shikastlangan joyiga bog‘lab qo‘yishadi. Yana tinimsiz isitmalayotgan bemorga yosh tuyaning suti bilan peshobini teng miqdorda aralashtirib ichirishadi.

Allergiya xastaligiga chalingan va tumov bo‘lgan bemorlarni sitrus o‘simliklarini iste’mol qilgan tuya peshobini hidlatish yo‘li bilan davolashadi. Bediunlar hali ko‘paymagan, yosh tuya peshobini birinchi marta bolalagan, yangi tuqqan tuya suti bilan aralashtirib «al-mak’shura» nomli shifobaxsh ichimlik tayyorlashadi. Shunisi e’tiborliki, yosh tuya cho‘lu biyobondagi yantoq va shifobaxsh o‘simliklar bilan oziqlangan bo‘lishi zarur. Shundagina uning peshobi shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lar ekan.

Qirol Abdulaziz universitetidan doktor Axlyam al-Avadi tuya peshobini bakteriya va zamburug‘larga ta’sirini o‘rgandi. Uning ilmiy tadqiqotlari asosida «vazarin» nomli preparat yaratildi. Tuya peshobi zamburug‘, bakteriya va achitqilarga qarshi kurashda keng ta’sir etuvchi antibiotiklarday samara berdi. «Vazarin» dori vositasi teri kasalliklari (temiratki, psoriaz), allergiya, maddali yaralar, kuyishda, oyoq va qo‘l tirnoqlarining zamburug‘li kasalliklarida qo‘llanilganda bemorlar shifo topdi. Bu preparat xavfsiz bo‘lib, aks ta’siri yo‘q. Shuningdek, arzonligi bilan xaridorgirdir.

Yana bir arab tadqiqotchisi Muhammadani Ahmad Abdulla istisqo (vodyanka) kasalligini davolashda 15 kun davomida 15 nafar bemor bilan hamkorlikda ishladi. Tadqiqot avvalida bu bemorlarning qornida jigar xastaligi tufayli juda ko‘p suyuqlik yig‘ilib qolgan edi. Shifokor-olim har kuni bemorlarga ma’lum miqdorda tuya peshobini uning suti bilan aralashtirib och qoringa ichishni tavsiya etdi. Oradan 15 kun o‘tgach natija ko‘zga yaqqol tashlandi. Chunki, xasta kishilarning qornidagi shishlar yo‘qolib, bemorlar o‘zlarini yaxshi his eta boshladilar.

Yana Muhammadani 25 nafar jigar sirrozi xastaligi bilan og‘rigan bemorlar bilan ham tadqiqot o‘tkazdi. Ularning 15 nafarining jigarini yog‘ bosgan edi. Qolgan bemorlarda jigar sirrozi paydo bo‘lishiga boshqa sabablar bo‘lgan. Doktor ikki oy davomida ularni yuqorida bayon qilingan usul bilan davoladi. Bemorlar o‘zlarini yaxshi his eta boshlashdi. Ammo tadqiqot davri tugagan bo‘lsada ko‘pgina bemorlar yana ikki oy davomida tuya peshobi va sutini aralashtirib ichib yurishdi. Bu muddatdan so‘ng ular tibbiy ko‘rikdan o‘tishgach, bemorlar butunlay jigar sirrozidan tuzalib ketgani aniqlandi.

Beduin qabilasi vakillari leykemiya (qon raki) bilan og‘rigan to‘rt nafar bemorni och qoringa 40 kun davomida tuya peshobi va sutini aralashtirib davolashdi, deya xabar beradi «Tarik’ al - xidaya fi dar’ maxatir al-jinn vash-shayatin» kitobi muallifi. Davolash muddati davomida bemorlar boshqa hech narsa iste’mol qilishmagan. Arabistonda yashovchi bediunlar tuya peshobini «al-vazar» deyishadi.

Uni qo‘llash usuli quyidagicha:

Tuyaning peshobidan bir qahva idishcha miqdorda (uch osh qoshiq) olinadi va bir piyola tuya suti bilan aralashtirilib, iste’mol qilinadi.