Bilasizmi?

Texnika jozibasi: printerdan chiqqan kuzov, eng kuchli aviadvigatel, g‘ildirakli “zargar qutisi”

Bu galgi maqolamiz texnikaning qiziqarligina emas, go‘zal ko‘rinishli namunalari haqidadir. Istasangiz, bu rasmlarni saytimizdan yuklab olib, kompyuteringizning ish stoliga o‘rnashtiring. Ular bunga arziydi.

Printer kuzov chiqaradi

Honda kompaniyasi CEATEC-2016 iste’mol elektronikasi ko‘rgazmasida kuzovi 3D printerda chop etilgan birinchi elektrli yuk mashinasini namoyish etdi. Mashina Kabuku firmasi bilan hamkorlikda yasalgan. Honda Kabuku asosida karkas, shassi ramasi, osma, 15 kVtli elektromotor, batareyalardan iborat VDP (Variable Design Platform) platformasi mavjud. VDP asosida tegishli qismini 3D printerda bosib chiqarib har xil mikroavtomobillar yasasa bo‘ladi. Furgonni xetchbek yoki pikapga aylantirish uchun panelining orqa qismini almashtirish yetarli. Yangi platforma ustida “xonda”chilar uch yildan beri ter to‘kmoqda. Yaqin kelajakda buyurtmachining aniq ehtiyojiga moslangan o‘ziga xos dizaynli avtomobillarni 3D printer yordamida tez va arzon ishlab chiqarish imkoniyati yuzaga keladi. Ko‘rgazmada namoyish etilgan Honda Kabuku zaryadi 80 km yo‘l bosishga yetadi.

Bir dvigatelda yuz ming ot kuchi

Rolls-Royce kompaniyasi dunyodagi eng qudratli UltraFun aviadvigatelini sinovdan o‘tkazmoqda. Unda “Formula-1” poygasi bolididan yuztasining quvvati bor. UltraFun Airbus A330 va Boeing 787 kabi boshqa laynerlarning motoridan 25 foizga samaraliroq ishlaydi. Hozir uni past bosim sharoitida yurgizib sinab ko‘rilyapti. UltraFun dvigateli o‘rnatilgan birinchi samolyotlar 2025 yilda osmonga ko‘tariladi.

G‘ildirakli “zargar qutisi”

Parijda kuzgi avtoko‘rgazmada Renault kompaniyasi Trezor nishona nusxasini namoyish qildi. Elektrli kupe kuzovi uglerod tolasidan ishlangan. Renault dizaynerlari zargarlik buyumlari saqlanadigan jimjimador qutidan ilhomlanganini aytdi. Trezorning eshigi yo‘q, ammo “reno”chilar unga o‘tirish otga minishdan oson, deydi. Konseptga 350 ot kuchiga ega elektrli motor o‘rnatilgan. “Zargar qutisi” to‘rt soniyaga qolmay yuz tezlikka chiqadi. Aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,22 Sxga teng.