Mulohaza uchun mavzu

«Tartib» qani yoxud qonun talablari aniq bajarilyaptimi?

O‘tgan hafta Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 201-moddasi amalda qo‘llanilgani guvohi bo‘ldik. 201-modda yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish uchun javobgarlik belgilaydi. 17 yashar kollej o‘quvchisi Jasur Ibrohimov vafotiga sabab bo‘lgan kishilar ishi bo‘yicha adolatli tergovni talab qilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarni shikoyat arizasiga imzo chekishga chaqirgan Irina Shahnazarova va Mariya Golovkolar, asosan, aynan shu modda asosida ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Toshkent IIBB Tergov bo‘limi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev Gazeta.uz savollariga javob berar ekan, O‘zbekiston huquqiy davlat ekanligini eslatib, faollarga qarshi choralar qonunlarga qat’iy rioya etgan holda amalga oshirilganligini ta’kidladi. Ho‘sh, yuqorida tilga olingan holat bo‘yicha qonuniylik ta’minlandimi?

Yig‘ilish va namoyish o‘tkazish huquqi nima?

Miting, yig‘ilish va namoyish o‘tkazish huquqi har bir fuqarolik jamiyati va demokratik davlatning ajralmas bo‘lagidir. Mazkur huquq kishilarning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy qarashlarini ifoda etish uchun bir joyga to‘planib, birgalikda harakat qilishi uchun zamin yaratadi. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish huquqisiz hech qaysi demokratik jamiyat sog‘lom faoliyat ko‘rsata olmaydi. Shu sababli, yig‘ilish va namoyish qilish erkinligi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan bo‘lib, fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilgan (33-moddaga qarang).

Yig‘ilish va namoyish o‘tkazish huquqini qanday asoslarga ko‘ra cheklash mumkin?

Konstitutsiya yig‘ilish va namoyish o‘tkazish huquqini faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina to‘xtatilishi yoki taqiqlanishi mumkinligini belgilaydi (33-moddaga qarang). Ammo, amaldagi qonunchilikda qanday harakatlar xavfsizlikka rahna solishi mumkinligi haqida va buni kim qay tartibda belgilashi to‘g‘risida hech narsa deyilmagan. Bu muammoni Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 201-moddasida ham ko‘rish mumkin. Mazkur moddaga ko‘ra, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Ammo Ma’muriy javobgarlik Kodeksi bunday tadbirlarni o‘tkazish tartibi nimadan iborat ekanini bayon etmaydi. 201-modda ishora qilayotgan «tartibni» O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasidan ham topib bo‘lmadi. Demak, yig‘ilish yoki namoyish o‘tkazish tartibi aniq belgilab berilmagan ekan, 201-modda asosida kishilarni javobgarlikka tortish mumkin emas.

Qonun ustuvorligini ta’minlashda sudyalarning ahamiyati

Qonun talablariga qat’iy rioya etishda Ichki Ishlar xodimlari xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Ammo ish sudga oshirilganda qonun moddalarining qo‘llanilishidagi xatolar sud nazaridan qochmasligi kerak. Afsuski, ikki faol ishida yig‘ilish va namoyish o‘tkazish tartibi ochiq-oydin belgilab berilmaganligiga qaramasdan, ular ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Mazkur holatda 201-moddaning qo‘llanilishi qonuniylik, odillik va ayb uchun javobgarlik kabi qonunchiligimizning ustuvor prinsiplarini ham qo‘pol ravishda buzadi. Masalan, qonuniylik prinsipiga ko‘ra, sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavfi va jazoga sazovorligi faqat amaldagi qonunchilik bilan belgilanadi. Bu degani, agar Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 201-moddasi «tartib» buzilishi uchun javobgarlik belgilasayu, mazkur tartibning o‘zi mavjud bo‘lmasa, shaxs mazkur modda asosida javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Yoki bo‘lmasa, ayb uchun javobgarlik prinsipiga ko‘ra, shaxs aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishlari uchungina javobgar bo‘lishi mumkin. Yig‘ilish va namoyish qilish tartibi amaldagi qonunchilikda belgilanmagani bois, shaxsni mavjud bo‘lmagan tartibni buzganlikda ayblash noqonuniy hisoblanadi.

Sud va sudyalar faoliyatini islohot qilmasdan qonun ustuvorligini ta’minlash borasida jiddiy muvaffaqiyatga erishish mumkin emas. Shu sababli bir necha oy avval Prezident sudlar faoliyatidagi kamchilik va muammolarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishio‘tkazdi. Oliy Majlis deputatlari esa G‘arb davlatlariga ozod qilyapti. Bunday muhim tashabbuslar doirasida Irina Shahnazarova va Mariya Golovkolar ishida kuzatilgan qo‘pol qonunbuzarliklar vatandoshlarimizning adolatga nisbatan tiklanib kelayotgan ishonchini sindiradi. Amalga oshirilayotgan islohotlar samara berishi uchun barcha davlat masabdor shaxslari amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya etishi kerak. Sudlar esa qonunchilik talablari birma-bir bajarilayotganligini sinchkovlik bilan tekshirishlari shart.

Mirakmal Niyozmatov, huquqshunos