Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o‘tkazish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.
Nizomga muvofiq, tekshiruvlar tegishli tartibda amalga oshiriladi. Bir kunlik tekshiruvlar viloyat prokuraturasi bilan, bir kundan ortiq bo‘lgan tekshiruvlar Bosh prokuratura bilan kelishiladi.
Tekshiruv o‘tkazishni kelishish Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali bajariladi.
Shuningdek, chet el investitsiyalari ishtirokidagi, xorijiy korxonalar, erkin iqtisodiy zonalarda joylashgan korxonalarda o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish faqat Bosh prokuratura tomonidan amalga oshiriladi.
Nazorat qiluvchi organlar jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari asosida, tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan «xavfni tahlil etish» natijalari, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan yoki ijtimoiy tarmoq, veb-saytlardan olingan ma’lumotlar asosida tekshiruv o‘tkazishni so‘rab murojaat qilishga haqli.
Bundan tashqari, tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkor tekshiruv maqsadi bilan tanishtiriladi va u tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirishi shart.