Toshkentdagi sobiq «Algoritm» zavodi Germaniya sanoat zonasiga aylantirilishi mumkin. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 14-16 may kunlari O‘zbekiston-Germaniya ikkitomonlama hamkorlik tarixida ilk bor eng yirik delegatsiya Toshkentga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Delegatsiya tarkibiga asosan ishbilarmon kishilar kiritilgan bo‘lib, bank va avtomobil kompaniya, kimyo, elektrotexnika sanoati, turizm va qurilish industriyasi, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasidan bo‘lgan 70dan ortiq vakillar mahalliy tadbirkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash uchun muzokaraga kirishmoqchi. Ular orasidan Siemens, MAN, BASF, TUI Group, SAP, Deutsche Bank va Commerzbank mutasaddilar ham mavjud.
15 may kuni poytaxtda Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining IV yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, ertasi kuni delegatsiya vakillari Buxoro viloyatida Kanuf Gips zavodi ishlab chiqarish liniyasining ishga tushirish marosimida ishtirok etadi.
Tashrif doirasida, shuningdek, delegatsiya tomonidan «Algoritm» zavodi hududiga safar uyushtirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda nemis sanoat zonasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.