Bilasizmi?

Rossiyada ishlash uchun imtihonga qanday yozilish mumkin?

Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirgan fuqarolar uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida kompleks imtihon o‘tkazishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasining 25.07.2002 yildagi «Xorijiy fuqarolarning Rossiya Federatsiyasidagi huquqiy mavqei to‘g‘risida»gi Federal qonuni 13.3-moddasiga muvofiq, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslari bo‘yicha kompleks imtihondan (bundan keyin – kompleks imtihon) o‘tganlik to‘g‘risidagi hujjatning mavjudligi xorijiy fuqaroning Rossiya hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patent olishining majburiy sharti hisoblanadi. O‘zbekiston hududida imtihon topshirish imkoniyati O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida tuzilgan Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tartibli ravishda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risidagi Bitimda nazarda tutilgan.  

O‘zbekistonda ushbu imtihon 3 ta bosh vakolatli oliy ta’lim muassasasida o‘tkaziladi:

  • Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti;
  • I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti;
  • M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali.

Qabul qilingan hujjatda hujjatlarni qabul qilish tartib-taomili belgilangan. Markaz qabul qilish boshlanganligi haqida o‘zining veb-saytida va OAVda e’lon qiladi. E’londa quyidagilar ko‘rsatilishi shart: talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati, ularni qabul qilish muddatlari, markazning manzili va murojaat uchun telefon raqamlari.

Hujjatlarni markaz direktorining buyrug‘i bilan tayinlangan mas’ul xodim qabul qiladi. Hujjatlar qabul qilib olinganligi haqida tilxat beriladi, mas’ul xodim esa ularning saqlanishini ta’minlashi shart.

Qabul qilingan hujjatlar asosida markaz direktori imtihon o‘tkazish kunini belgilaydi. Kompleks imtihon o‘tkaziladigan kundan kamida 3 kun oldin talabgorga bu haqda xabar beriladi.