Bilasizmi?

Rossiya O‘zbekistonga neft yetkazib berishni davom ettiradimi?

Rossiya  O‘zbekistonga neft yetkazib berishni yana to‘xtatdi. Rossiya Federatsiyasining Yoqilg‘i-energetika kompleksi markaziy dispetcherlik idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida yetkazib berish ishlari amalga oshirilmagan.

2018 yil davomida Rossiya neftining O‘zbekistonga eksporti 36 ming tonnani tashkil etdi. Yoqilg‘i-energetika kompleksi markaziy dispetcherlik idorasi ikkinchi chorak uchun eksport jadvali hozircha O‘zbekistonga neft yetkazib berishni nazarda tutmayotgani haqida xabar tarqatmoqda, deb yozadi Kun.uz.

Bundan avval, Rossiya Energetika vaziri Aleksandr Novak Rossiya va O‘zbekistonning neft yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv muzokaralari yakuniy bosqichga yetganini ta’kidlagandi.

«O‘zbekistonga neft yetkazib berish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni muhokama qilish so‘nggi bosqichda turibdi», - deya aytib o‘tdi u Qandim gaz kompleksining ishga tushirilish marosimida chiqish qilib.

Avvalroq, Rossiya Federatsiyasi energetika vazirining o‘rinbosari Kirill Molodsov «Gazprom neft» kelgusi yilda O‘zbekistonga 1 million tonnagacha neft yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar qilgandi.

Aslida O‘zbekiston «Gazprom» bilan birgalikda uch yildan so‘ng 5 mln. tonnaga mo‘ljallangan yangi neftni qayta ishlovchi zavodni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Biroq yetkazib berish hajmini oshirish uchun Qozog‘iston orqali neft quvurlarini kengaytirish talab etiladi.

Hozirgi paytda O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha erkin o‘tkazish quvvati faqat 500 ming tonnani tashkil etadi, yetkazib berish ishlari amalga oshirilayotgan «Shagir» neft quyish estakadasining quvvati esa - 700 ming tonna.

Ma’lumot uchun, 2018 yil yanvar oyida Rossiya O‘zbekistonga 24,9 ming tonna neft yetkazib berdi, fevralda esa yetkazib berish amalga oshirilmadi. Mart oyida bu ishlar qayta tiklandi va 11,1 ming tonnani tashkil etdi.

O‘tgan yilda Rossiya neftining O‘zbekistonga eksporti 68,2 ming tonnani tashkil etgandi. Xususan, noyabr oyida O‘zbekistonga 30 ming tonna, dekabrda esa 38,2 ming tonna neft yetkazib berildi.