O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Quvaytga tashrifi chog‘ida Quvayt Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Mudofaa vaziri shayx Nasir Sabah al-Ahmad al-Sabah va Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Sulayman al-Sayid bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi.
"Muzokaralarda hamkorlikni yanada rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi. Quvayt kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga investitsiya kiritishga tayyor ekanligi qayd etildi", — deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.
Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining birinchi majlisini 2018-yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Ta’kidlanishicha, Quvayt universiteti huzuridagi Tillarni o‘rganish markazida O‘zbekiston vakillarini o‘qitish istiqbollari, shuningdek, arab tili o‘qituvchilarini O‘zbekistonda ta’lim muassasalarida dars berish uchun jo‘natish masalalari ham muhokama qilindi.