Qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish, yer balansiga rioya etish, fermerlar va mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish, yetishtirilgan mahsulot sotilishining hisobini yuritish, shartnoma majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash tartibi tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 15.09.2017 yildagi PQ–3281-son qarori bilan ichki bozorni barqaror to‘yintirish, qayta ishlash korxonalariga va eksportga yetkazib berish hajmlarini kengaytirish maqsadida yerga o‘z vaqtida va sifatli ishlov berish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlangan.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, ekin maydonlari va yetishtiriladigan mahsulotlar hisobini yuritish, ekinlar o‘z vaqtida va sifatli ekilishini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari realizatsiya qilinishini monitoring qilishning aniq tartibi belgilandi. Bunda hujjatning amal qilishi dehqon xo‘jaliklari, ITI va ularning filiallari yer uchastkalari, shuningdek ilmiy tajriba stansiyalari maydonlariga tatbiq etilmaydi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyat ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda yer ijara shartnomasi va kontraktatsiya (fyuchers) shartnomalariga muvofiq qishloq xo‘jaligi ekinlarini mustaqil ravishda joylashtiradi. Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan ekinlar unumdor (40 bonitet balldan yuqori bo‘lgan) yer maydonlariga kontur yaxlitligi saqlangan holda joylashtirilishi kerak.
Paxta xom ashyosini yetishtirishda yuqori hosildorlikka (40 sentner/gektar) erishgan qishloq xo‘jaligi korxonalari paxta ekiladigan jami yer maydonining 5%iga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishlari mumkin.
Ekinlarni joylashtirishda hududiy irrigatsiya bo‘limlaridan ekin maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik darajasi to‘g‘risida xulosa olinadi.
Ekinlarni joylashtirish natijalari tuman hokimining qarori asosida tasdiqlanadi. Shundan keyin «O‘zdaverloyiha» instituti va uning hududiy bo‘linmalari 15 ish kunida har bir qishloq xo‘jaligi korxonasida konturlar kesimida joylashtirilgan ekin turlari va maydonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasini yaratadi. Ekinlar «elektron xarita» orqali doimiy monitoring qilib boriladi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari ekinlarni joylashtirish bo‘yicha o‘rnatilgan talablarga amal qilishini tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari, «O‘zdaverloyiha» instituti va uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek tuman (shahar) fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi monitoring qiladi.
Har yili avgust oyida davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va ularning hosildorligi reyestri shakllantirilib, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga beriladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq realizatsiya qilinadi. Bunda realizatsiya qilish deganda qayta ishlash korxonalariga yetkazib berish, ichki bozorlar va yarmarkalarda sotish, eksport qilish, byudjet tashkilotlarini ta’minlash va boshqalar tushuniladi.
Mahsulotlarni realizatsiya qilishda hisob-kitoblar xizmat ko‘rsatuvchi banklar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq ularda ochilgan hisob raqamlari orqali amalga oshiriladi.
Hujjat 6.12.2018 yildan kuchga kiradi.