Qirg‘iziston Davlat Migratsiya xizmati O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlariga murojaat qilib, ularni qonunlarga rioya qilishga chaqirdi, aks holda, jarimaga tortilishlari borasida ogohlantirdi.
O‘zbekiston bilan chegaralar ochilganidan so‘ng Qirg‘izistonda qurilish va qishloq xo‘jaligida ishlash maqsadida kelayotgan o‘zbekistonliklar soni ko‘paygani kuzatilmoqda. Bishkek, chegara yaqinidagi O‘sh, Botken va Jalolobod viloyatlarida ularning soni ko‘p.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston vatandoshi Qirg‘iziston hududiga kirib kelganidan besh kun o‘tib ro‘yxatga olinishi kerak, aks holda, 10 ming so‘m (150 dollarga yaqin) miqdorida jarimaga tortiladi. Qonunbuzarlik takrorlanadigan bo‘lsa, muhojir O‘zbekistonga deport qilinadi.
Ish beruvchi Davlat migratsiya xizmatiga murojaat qilishi va ish uchun ruxsatnoma olishi kerak. IIV, TIV, Davlat Migratsiya xizmati vakillaridan iborat Komissiya talabnomani o‘rganib chiqadi va ikki haftalik muddat ichida ruxsatnomani berish-bermaslik masalasini hal qiladi.
Qirg‘iziston Davlat migratsiya xizmati mas’uli A.Asanbayevga ko‘ra, Qirg‘izistonda O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlari soni ortib bormoqda, biroq ularning aniq soni haqida ma’lumot yo‘q.
Xorijlik vatandoshga ruxsatnoma bu ish joyiga Qirg‘iziston vatandoshi da’vogarlik qilmagan taqdirdagina beriladi. Ruxsatsiz ish berganlik uchun jarima miqdori 10 ming so‘mni (150 AQSh dollari) tashkil qiladi.