Yangi yilni yangi sahifadan boshlashga qaror qildingizmi? "Layfxaker" nashri taniqli yozuvchi Paulo Koeloning bu boradagi tavsiyalari bilan bo‘lishdi.
O‘tmishni tarixda qoldiring. Biror bir vaziyat yoki insonni ushlab qolishga urinmang. Agar birgina hayotiy bosqichni haddan tashqari cho‘zib yuborsangiz, u holda siz hayotning yangi bosqichida mazmun va baxt topa olmaysiz.
Siz ilgari muhim bo‘lgan narsa nima uchun bugun o‘z mohiyatini yo‘qotganini anglab yetmaguningizcha keyingi qadamni qo‘ymasligingizni aytishingiz mumkin. Biroq vaziyatga bunday yondashish o‘zingiz va yaqinlaringizni charchatib qo‘yadi.
Hamma narsa o‘tadi va har qancha qiyin bo‘lmasin, o‘tmishni qo‘yib yuborishimiz kerak.
Bu dunyoda hamma narsa bizning qalbimizda ro‘y berayotgan voqealarning aksidir. Sizni ortga tortuvchi his-tuyg‘ulardan xalos bo‘libgina, yangi taassurotlarga joy bo‘shatasiz.
O‘tmishni qo‘yib yuboring. Undan xalos bo‘ling. Unutmang, mag‘lubiyatdan hech kim sug‘urtalanmagan. Asosiysi — oldinga qarab harakat qilish.
Birovdan hech nima kutmang, sizning sa’y-harakatlaringiz yoki his-tuyg‘ularingiz kim tomonidandir baholanishini kutmang. Har doim bir narsa haqida o‘ylayvermang, yo‘qotgan narsalaringizni yodga olavermang - bu sizning hayotingizni zaxarlaydi.
Munosabatlar tugaganligini inkor etish yoki qaror qabul qilishni doimo orqaga surishdan yomoni yo‘q.
Hayotni yangi sahifadan boshlash uchun bosib o‘tilgan yo‘lni o‘tmishda qoldirish kerak. G‘urur yoki zaiflik sabab emas, shunchaki bundan buyon sizning hayotingizda unga o‘rin yo‘qligi sababli shunday qiling. O‘zingizga o‘zingiz o‘tmishni qaytarib bo‘lmasligini ta’kidlang. Bu sizga erish tuyulishi mumkin, lekin juda muhim.
Shunday ekan, o‘tmish bilan yashashni bas qiling va yangi hayotga kulib boqing.
Manba: Kun.uz