Bolalarga uyqudan avval kitobni onalar emas, otalar o‘qib bersa, bolalar yaxshiroq rivojlanadi. Bunday xulosaga Garvard universiteti tadqiqotchilari kelishdi.
Uyqudan avval farzandlarga kitob o‘qib berish odatda onalar bilan bog‘liq, lekin otalar o‘qiganda alohida ta’sir ko‘rsatar ekan.
Tadqiqot ustida ishlagan Elizabet Duursma ta’kidlashicha, erkaklar va ayollar bu vazifaga turlicha yondashishar ekan. Ayollar ko‘proq faktlar bilan bog‘liq savollar berar ekan. Masalan: “Nechta olma ko‘ryapsan?” Otalar esa bola tasavvurini kengaytiradigan savollar berar ekan. Masalan: “O, qara! Olma! Esingdami fermaga olma tergani borgandik?”
Bu o‘z o‘rnida bola lug‘at boyligi oshishiga olib keladi, chunki bola ota bergan savollarga javob berish va suxbatni davom ettirish uchun yangi so‘zlar qidirishga harakat qiladi.
Tadqiqotchi aytishicha, otalar o‘z farzandlariga 2 yoshga to‘lmasdan kitob o‘qishni boshlasa, bola tezroq rivojlanar ekan. Otalar kitob o‘qishidan ayniqsa qizlar ko‘proq rivojlanishi kuzatilgan.
[caption id="attachment_34095" align="aligncenter" width="300"] Only One Color by Carol Fajardo[/caption]
Amerika maktablarida boshlang‘ich sinfda ota-onalarga kundalik topshiriq keladi: “Farzandingizga kuniga kamida 20 minut kitob o‘qib bering”. Bora-bora, bola o‘qishni o‘rganishi bilan kuniga 20 minut o‘qish topshirig‘i bolaga o‘tadi. Bu odatga aylanadi.
Hozirda 2-sinfda o‘qiydigan o‘g‘limiz Umarbek taxminan 100 betlik bolalar kitobini 2 kunda o‘qib tugatadi. O‘qishga shunchalik berilib ketadiki, hattoki ovqatlangani chaqirishimizni sezmay qoladi.
Kuni kecha o‘g‘limiz o‘qiydigan maktabda kutubxona tomonidan uyushtirilgan kitob yarmarkasi bo‘ldi. Bolalar va ota-onalar kamida 3-4 kitoblarni tanlab ularga pul to‘lash uchun kassaga navbatda turishibdi. Bo‘lmasa maktab kutubxonasida har yoshdagi va turli qiziqishga ega bolalarga bir olam kitoblar bor va ularni bepulga olib o‘qisa bo‘ladi.
O‘zbekistonda bunday navbatlarni, masalan, oziq-ovqat do‘konida shakar yoki ungagina ko‘rish mumkin. “Sharq” nashriyoti do‘konida emas.
Amerikalik ota-onalar televizor ko‘rishdan vaqtini tejashi mumkin, lekin o‘z farzandiga kitob o‘qib berishdan vaqtni ayamaydi. Buni ulardan o‘rgansa bo‘ladi!
Manba: nodirzakirov.com