Idrokka qisqa qilib ta’rif beradigan bo‘lsak, bu – muayyan jarayonga diqqatli bo‘lish va uning oqibatini anglash degani. Oqibatini anglash, o‘z navbatida shu jarayonni nazorat qilish va eng ma’qul qarorni qabul qilishdir.
Idrok va mushohada bilim natijasi emas. U miyadagi ko‘nikma. Bu ko‘nikmani shakllantirgan odam barcha vaziyatda, turlicha masalalarda yaxshi yechimni izlab topishi, munosib qaror qabul qilish mumkin.
Misol uchun, aqlli odam doim ham mushohadali yoki mushohadali odam doim ham aqlli bo‘lavermaydi.
Modomiki inson o‘y-xayollari va hislarini nazoratda tutib tura olmas ekan, unda idrok ham, diqqatini jamlash va nimagadir to‘g‘ri munosabatda bo‘lish ko‘nikmasi ham bo‘lmaydi.
Inson o‘z tanasini, mushaklarini ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘radi. Ammo barchamiz ham miyada xuddi shunday mushaklar borligidan, turli mashq va usullar orqali ularga ham salobatli ko‘rinish berish mumkinligini bilmaymiz.
Miyadagi mushaklar bizga diqqatimizni jamlab, uzoqni ko‘rishga, vaziyatni tezroq aniqlashga, kerak paytda hislarga quloq yopib, kerak paytda tilni tiyishga yordam beradi. Psixologiyada idrok ruhiyatning klinik doirasi yoki ruhiyatning tahlilga bo‘lgan ehtiyoji bilan bog‘lanadi. Uni yuksaltirib borish inson hayotini yanada go‘zallashtiradi.
Ruhshunos va tadqiqotchi Yuna Kangning fikricha, idrok va mushohadaning 4 ta muhim omili bor.
Boxabarlik – mavjud ma’lumot haqida ham ruhan, ham jismonan xabardor bo‘lish. Bu masalaga oid qarama-qarshiliklarni solishtirib, unga munosabat bildirishning asosidir.
Diqqatning barqarorligi – ayni vaqtda sodir bo‘layotgan jarayonning ichki va tashqi sabablarini kuzatib borish. Mushohada qilganda inson masalaga oid avvalgi jarayonni ham diqqatdan uzoqlashtirmaydi.
Ayni paytga diqqat qilish – barqaror diqqat kabi, idrokli hamda mushohadali odamlar jarayonning hozirgi holatini ham ko‘zdan qochirmaydilar.
Xolis qaror qabul qilish – mushohadali odam jarayon haqidagi o‘y-xayollar, hislarni aralashtirmasdan, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaydi. Hammasiga oqillik bilan baho beradi.
Quyida e’tiboringizga idrokli va mushohadali bo‘lishga, ongda idrok ko‘nikmasini shakllantirishga oid tavsiyalarni beramiz.
Yaxshi tinglovchi bo‘ling
Yaxshi tinglovchi qarshisidagi insonning har bir so‘ziga diqqatli bo‘ladi. Bunda diqqatning barqarorligi muhim o‘rin tutadi. U suhbatga har qanday sharoitda e’tibor bilan yondashishni ta’minlaydi.
Munosabat bildirishga shoshmang
Ko‘p hollarda insonning ichki ovozi uni jaholatga boshlaydi. Ayniqsa, inson yoshlik chog‘larida qaror chiqarishga shoshib qoladi. Sizga taqdim etilayotgan ma’lumotlarga nisbatan munosabatda bo‘lishdan avval ularning asosli ekanligini aniqlang. Agar muammoli vaziyatda bo‘lsangiz, asabiylashmang. Asab tolalarining zo‘riqishi – kerakli axborotning miyaga yetib borishi, insonning fikrlashiga to‘sqinlik qiladi. O‘rinli savolni o‘z paytida samimiy ohangda bering.
Jur’atli bo‘ling
Haqiqatni tan olish yoki tavakkal qilish uchun jur’at kerak bo‘ladi. Ichki ovozga qarshi borish ham insonning qat’iy fe’l-atvoridan darak beradi. Zarur paytda adolatli bo‘lishga intiling.
Diqqatni maqsadingizga qarating
Ba’zida kitobning bir sahifasini o‘qib tugatib uning biror jumlasiga ham tushunmagan vaqtlarimiz bo‘ladi. Sababi, maqsad va diqqat o‘zaro qovusha olmaydi. Garchi, insonning ko‘zi jumlalarni o‘qisa ham, miyaga biror ma’lumot yetib bormaydi. Buning barchasi diqqatning bo‘linishidandir. Natijada, o‘sha sahifani qayta o‘qib chiqishga majbur bo‘lamiz.
Xotiralarni tez-tez esga oling
Ancha yillardan keyin do‘stlarimiz bilan uchrashib qolsak, har doim ham gapni gapga ulanib ketishi qiyin bo‘ladi. Ba’zida bunday uchrashuvlarga zavq bag‘ishlaydigan eng yaxshi xotiralar esdan ko‘tarilib ketishi mumkin.
Xotira – bu tajriba degani. U biror ishga kirishganda shu bilan bog‘liq oldingi bilimni yodga olib, xulosalar asosida yangi va muvaffaqiyatli qadamni tashlashga yordam beradi.
Yaqinlaringizga e’tiborli bo‘ling
Bu ko‘nikmani ongda va ruhiyatda shakllantirishning usullari ko‘p. Misol uchun, kitob mutolaa qilish. Farzandingiz bo‘lsa, uni kun davomida 15 daqiqa kuzating. Bolaning fe’l-atvori, qiziqishlari yuzasidan xulosalar chiqaring va rejalar qabul qiling.
Osuda tabiat qo‘ynida sayr qiling
Bir kunda 15-20 daqiqa davomida tabiat qo‘ynida sayr qilib, tabiatni kuzating, o‘zgarishlarga qarang. Bunday vaqtda shoshmang. Shoshgan odam idrok qila olmaydi.
2013 yilda Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqot xulosalari shuni ko‘rsatdiki, tabiat qo‘ynida, yashillik bag‘rida sayr qilish insonga diqqatni jamlashiga, keraksiz xayollardan xalos bo‘lishiga yordam berar ekan.
Ijodiy yondashuv
San’atkorlar, rassom va adiblar o‘z nomi bilan idrok odamlaridir. Ular kun davomida kamida 10 soat idrok va mushohada bilan band bo‘ladilar. Sizda ham rasm chizish yoki she’r bitishga qiziqish bo‘lishi mumkin. O‘zingizcha qo‘shiqlar xirgoyi qiling yoki biror nima yarating.
Izlanishlar ijodiy yondashuvga kirishgan odamlarning idroki ham chuqurlashishini ko‘rsatmoqda.
"Agar sizga kichik baliq kerak bo‘lsa, zovurga boring. Agar kattaroq baliq ushlash niyatingiz bo‘lsa, daryoga boring." Ya’ni, ehtiyojlaringiz doirasida idrok qilish – ong-shuurda mushohada ko‘nikmasini shakllantirishning oson yo‘lidir.
Qo‘l telefoniga bog‘lanib qolmang
So‘nggi yillarda elektron qurilmalarning ko‘payib borayotgani insonlarda diqqatlilikning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmoqda. Har zamon mobil qurilmalarga mo‘ralash, ularni titkilash biror ishga diqqat bilan kirishishning beliga tepadi. Shu sababli, ulardan foydalanish qoidalariga amal qiling.
Tilingizga erk bermang
"Oldiga qo‘yganni yemoq – hayvonning ishi. Og‘ziga kelganni demoq – nodonning ishi" degan ekanlar bobomiz Alisher Navoiy. Inson biror nimani og‘ziga solishda qanchalar ehtiyotkor bo‘lsa, og‘zidan biror so‘zning chiqishiga ham shu qadar e’tiborli bo‘lishi kerak.
Keksalarni tinglang
Keksalarning maslahati – eng qimmatli bilim. "Boshidan o‘tkazgan – tabib" degan naql bor. Bobo-buvingiz, ota-onangiz bilan maslahatlashib, ularning nasihatiga quloq tuting.
Buyuk faylasuf Suqrot shogirdlaridan birining idrokini sinovdan o‘tkazish uchun undan hayot haqidagi fikrlarini so‘rabdi. Aniq-tiniq javob ololmagach, shogirdini yetaklab bozorga borgan ekan.
Xulosa shunday – atrofni kuzatish, kimningdir xatti-harakatidan, taqdiridan xulosa chiqarish – idrok va mushohadaning tiniqlashuviga xizmat qiladi.
Munosib va to‘g‘ri qaror doimo hamrohingiz bo‘lsin!