Bilasizmi?

Omadli rahbarlarning sevimli kitoblari

Mutolaa - yangi ma’lumot, qiziqarli g‘oyalar va hayotiy qimmatli maslahatlar olishning ajoyib usulidir. Shunday ekan, dunyoning yetakchi ishbilarmonlari kitobsevar kishilar ekanligiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Fortune 500 ro‘yxatidan joy olgan yirik korporatsiyalar yoki muvaffaqiyatli faoliyat yurituvchi startaplar rahbarlari kitob o‘qishga vaqt topganda qolganlarning bahonasi o‘tmaydi. Ba’zi magnatlar klassik asarlarni mutolaa qilishni yoqtirishadi, boshqalari esa - karera qurish mavzusidagi qo‘llanmalarni afzal ko‘rishadi, kimlar uchundir detektiv asarlardan yaxshisi yo‘q. Kun.uz Bill Geyts, Jeff Bezos, Ilon Mask va boshqa rahbarlarning sevimli kitoblariga oid ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Jeff Bezos: «Kunning qolgan qismi»

Amazon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, badiiy kitoblar uni hujjatli adabiyotlardan ko‘ra ko‘proq narsalarga o‘rgatgan. Bezosning shaxsiy adabiyotlar ro‘yxatida urushdan keyingi Angliyada ro‘y bergan voqealarga asoslangan bosh xizmatkor va uning xotiralari haqidagi roman birinchi o‘rinni egallaydi.

Bill Geyts: «Javdarzordagi jarlik»

Microsoft hammuassisi o‘smirlik davridayoq Selinjerning asariga mehr qo‘ygan: "Men «Javdarzordagi jarlik» kitobini 13 yoshimda mutolaa qilganman, o‘shandan beri u - mening eng sevimli kitoblarimdan biri. Unda hikmat juda ko‘p!".

Stiv Jobs: «Hayot strategiyasi»

"Hayot strategiyasi" buyuk ishbilarmon Stiv Jobsning hayotiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan, shunday ekan, siz ham bu kitobni o‘qisangiz, foydadan holi bo‘lmasligi aniq. Kitobda muvaffaqiyat va uni qabul qilishdagi farqlar haqida so‘z boradi. Asar insonni hayotda o‘z yo‘lini topishga undaydi.

Tim Kuk: «Vaqt bilan bellashuv»

Aytishlaricha, Apple bosh direktori o‘z hamkasblari va xodimlariga "Vaqt bilan bellashuv: Vaqt omiliga asoslangan raqobat global bozorlar landshaftini qanday o‘zgartirishi mumkin" kitobi nusxalarini tarqatar ekan. Umuman olganda, bu kitobni mutolaa qilish uchun Apple'ga ishga kirish shart emas: unda siz samaradorlikni qanday oshirish mumkinligi, kun tartibingizni tashkillashtirish va karera qurishga doir tavsiyalarni olishingiz mumkin.

Mark Sukerberg: «Qashshoqlar portfoliosi: Nochorlar qanday qilib 2 dollar evaziga kun kechiradi?»

Facebook rahbari o‘zining yaqinda chop etilgan mutolaa uchun 23 kitob ro‘yxatida "Qashshoqlar portfoliosi"ni qayd etadi. Uning mualliflari Deril Kollinz, Jonatan Mordach, Styuart Rezerford va Orlanda Rutven 10 yil mobaynida aholining eng kambag‘al qatlamlarining moliyaviy hayotini o‘rganishgan.

Ilon Mask: «Benjamin Franklin. Tarjimai hol»

Ilon Mask — SpaceX va Tesla asoschisi. U boshqa bir omadli inson - bir vaqtning o‘zida o‘n vazifani bajarishning uddasidan chiqqan Benjamin Franklin haqidagi kitoblardan ilhomlanadi. Bu kitob buyuk arbobning hayotiy solnomasi desak yanglishmaymiz, unda Franklinning yozuvchi, ixtirochi, olim va diplomat  sifatida shakllanishi to‘g‘risida hikoya qilinadi.

Richard Brenson: «Qafasdagi qush nima uchun sayrayotgani menga ayon»

Brenson o‘z kompaniyasi saytida o‘zining adabiy tavsiyalari jamlangan uzun ro‘yxatni chop etdi. Unda qiziq asarlar ko‘p: "Mahluqlarning yashash joyi", "Hobbit" bilan bir qatorda Mayya Enjelouning «Qafasdagi qush nima uchun sayrayotgani menga ayon» asari o‘rin olgan. Bu kitob Bill Geytsning kitoblar javonidan ham joy olgan.