Bilasizmi?

O‘zbekistonning ichki chegaralari qayta ko‘rib chiqiladi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 23 aprel kuni «Ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralarini aniqlash, yer resurslarini inventarizatsiya qilish hamda yaylovlar va pichanzorlarni geobotanik tadqiqotlar tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 299-sonli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Norma.

Hujjat yerlarni boshqarish sohasidagi ikkita ustuvor muammoni hal qilishga qaratilgan.

Birinchi muammo. Mamlakat ichidagi ayrim alohida hududlarning chegaralari koordinata tizimiga bog‘lanmagan. Bu esa yerlarni ro‘yxatga olish, ro‘yxatdan chiqarish, ularni olib tashlash, yer munosabatlarini tartibga solish kabi muammolarni yuzaga keltiradi. Viloyatlarning ma’muriy chegaralarini belgilash bo‘yicha ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagani sabab ichki chegaralarni belgilashda turli muammolar mavjud.

Shuning uchun, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va shahar hokimliklari bilan birgalikda 2018—2021 yillar mobaynida ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralarini belgilash topshirilgan.

Ikkinchi muammo. Mavjud 21 million gektar yaylov va pichanzorlardan samarasiz foydalanilmoqda. O‘tgan 25—30 yil ichida ushbu hududlarning 35—40 foizi degradatsiyaga uchragan, ularning beshdan bir qismida o‘sayotgan o‘simliklarning soni va turlarini qisqarib ketgan, rentabellik esa 1,5—2 barobar pasaygan.

Shu munosabat bilan o‘sha davrda (2018—2021 yillar) yaylovlar va pichanzorlarni geobotanik o‘rganish bilan yer resurslarini inventarizatsiya qilish amalga oshiriladi.

Hujjat milliy qonunchilik bazasida e’lon qilingan va 2018 yilning 1 mayidan boshlab kuchga kirgan.