Bilasizmi?

O‘zbekistonda Rossiyaga ishlashga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun kompleks imtihon o‘tkaziladi

Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirgan fuqarolar uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida kompleks imtihon o‘tkazishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida xabar berildi.

Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirgan fuqarolar uchun kompleks imtihon bosh vakolatli oliy ta’lim muassasalari tomonidan Kompleks imtihon o‘tkazish markazlarida tashkil etiladi.

Kompleks imtihon o‘tkazish markazi tomonidan imtihon topshirish uchun hujjatlarni qabul qilish boshlanganligi haqida ommaviy axborot vositalari va Markazning rasmiy veb-saytida e’lon beriladi.

E’londa imtihonda ishtirok etishni istagan shaxslar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati, ularni qabul qilish muddatlari, shuningdek Markazning manzili va murojaat uchun telefon raqamlari ko‘rsatiladi.

Qabul qilingan hujjatlar asosida Markaz direktori tomonidan imtihon o‘tkazish kuni va vaqti belgilanadi.

Imtihon o‘tkaziladigan kundan kamida 3 kun oldin talabgorga kompleks imtihon o‘tkazilish kuni va vaqti haqida xabar beriladi.