Bilasizmi?

O‘zbekistonda gilos uchun eng past eksport narxi belgilandi

O‘zbekistonlik eksportchi kompaniyalar gilosning eksport narxi bo‘yicha yagona xulosaga kelishdi, deb xabar qilmoqda "O‘zbekozikovqatxolding" matbuot xizmati.

“Birgalikda olib olib borilgan sinchikov izlanishlar natijasida barcha tomon bir fikrga keldi – bu yil O‘zbekistondan eksport qilinadigan gilosning eng kam narxi — kilogrammiga 4 dollar bo‘lishi kerak. Ushbu narx bizga yaqin joylashgan bozorlar uchun amal qiladi va MDH bozorlarida oldingi yillarda paydo bo‘lgan sotuv tizimini saqlab qolish imkonini beradi”, — deyilgan xabarda.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, ushbu narx o‘zbek gilosi narxini dunyo bozori narxlariga yaqinlashtiradi. O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalarning sifati va ekologik tozaligi xorijiy xaridorlarda shubha uyg‘otmaydi.

O‘zbekistonlik eksportchilarning asosiy maqsadi – barcha eksporterlar uchun  barqaror natijaga erishish va logistika tarmog‘ini tezkor muvofiqlashtirib turishdir.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekiston gilos eksporti bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Eksport hajmi – yiliga 100 ming tonna. Shuningdek, Respublika boshqa ho‘l mevalar eksportida ham yetakchilik qilmoqda. Xususan o‘rik eksporti bo‘yicha – to‘rtinchi o‘rinni, olxo‘ri eksporti bo‘yicha – yettinchi uzum va shaftoli eksporti bo‘yicha – o‘ninchi o‘rinni egallab kelmoqda.