Joriy yilning 3-5 dekabr kunlari Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelgandi.
Tashrif davomida OFK prezidenti O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov bilan O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish, o‘zbek futbolini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelgusi rejalar haqida suhbatlashib, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi bu borada O‘zbekiston futbol federatsiyasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Ana shu uchrashuv chog‘ida Osiyo Futbol Konfederatsiyasida Asian Football Confederation Administration System dasturini O‘zbekistonda ham qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bu haqda O‘FF Matbuot xizmatiga asoslanib, Qalampir.uz yozmoqda.
“Asian Football Confederation Administration System dasturi ma’lumotlar bazasi bo‘lib, mazkur bazada har bir futbol musobaqasi yoki tadbirida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar ma’lumotlari saqlanadi.
Masalan, futbolchining tug‘ilgan yili, bo‘yi, og‘irligi, qaysi klublarda to‘p surganligi, qaysi chempionatlarda ishtirok etganligi va shunga o‘xshash ma’lumotlar jamlanib, o‘sha futbolchiga tegishli bo‘lgan barcha hujjatlar arxivi tuziladi.
Bu dastur ayniqsa, bolalar futbolidagi yosh kichraytirish bilan bog‘liq muammolarning oldini olishda juda qo‘l keladi.
Chunki, dasturga kiritilgan har bir futbolchining ma’lumotlari, uning fotosurati har yili yangilab turiladi.
O‘FF mazkur dasturni O‘zbekistonda joriy qilish borasida sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
2018 yildan boshlab Asian Football Confederation Administration System dasturi O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yilib, futbol musobaqalari va tadbirlarida ishtirok etuvchi ro‘yxatdan o‘tgan barcha insonlarning ma’lumotlari jamlanadi.
Superliga va Pro-ligada qatnashuvchi jamoalar ham mavsum boshida qaydnomalarni aynan mana shu dastur orqali elektron tarzda amalga oshirib borishadi.
Bundan tashqari, har bir futbol maktabi, akademiyalarda mavjud bo‘lgan yosh futbolchilarning barcha ma’lumotlari ham ushbu dasturga kiritiladi.
Natijada, bolalar futbolidagi yosh kichraytirish bilan bog‘liq ko‘plab muammolarning oldi olinadi.
Shuningdek, futbolchilardan tashqari, murabbiylar, hakamlar, nazoratchilar, komissarlar va futbol musobaqalari hamda tadbirlarida ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarning ma’lumotlar bazasi ham mazkur dasturda to‘plab boriladi”, - deyiladi O‘FF xabarida.