O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida 4-sentyabr kuni Xalqaro to‘qimachilik anjumani o‘tkaziladi. Tadbirda 20dan ziyod davlatlar biznes-vakillari ishtirok etadilar, deb xabar qildi Sputnik nashri.
Tekstil sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi hamda ITECA xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamkorligida o‘tkazilmoqda.
"Uzbekistan Textile Conference" - sohadagi eng so‘nggi yangiliklar, xalqaro to‘qimachilik texnologiyalarini rivojlantirish, sertifikatlashtirish va raqamli marketing, "aqlli" to‘qimachilikni ishlab chiqish borasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlarga bag‘ishlanadi.
Ekspertlar jahon tekstil sohasi rivoji haqidagi eng so‘nggi yangiliklar, to‘qimachilik texnologiyalari sohasidagi eng so‘nggi kashfiyotlar va nou-xaular haqida ma’lumot beradilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish uchun Bangladesh modelini ko‘rib chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Bangladesh to‘qimachilik sanoati qanday rivojlangan?
1970-yillarda Janubiy Koreya tekstil ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda bo‘lgan (mamlakat umumiy eksport hajmining 40%i tekstilga to‘g‘ri kelgan). Mamlakatda tekstil ishlab chiqaruvchi asosiy kompaniya Daewoo Corporation bo‘lgan. Ish shu darajaga borib yetganki, AQSh va G‘arbiy Yevropa mamlakatlari ushbu sohadagi o‘z korxonalarini qutqarish uchun Janubiy Koreya to‘qimachilik mahsulotlariga kvota kiritishga majbur bo‘ladilar.
Daewoo yangi cheklovlarni aylanib o‘tishga harakat qilib, ishlab chiqarishning bir qismini Bangladeshga ko‘chiradi (Desh Garments kompaniyasi bilan shartnoma tuziladi). Buning uchun Daewoo 130 ishchini Janubiy Koreyaga o‘qishga taklif qiladi.
Daewoo kompaniyasi va Bangladeshdagi hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlar izga tushmasligi natijasida, kelishuvlar tez orada bekor qilinadi. Ammo sanoat urug‘lari ekilib bo‘lgan edi: Janubiy Koreyada o‘qigan 130 ishchidan 115 nafari Bangladeshda xususiy ishlab-chiqarish korxonalarini ochadilar.
Bu mamlakat tikuvchilik sanoatida shov-shuvli o‘sishni boshlab beradi va Bangladeshga chet el kapitali oqib kela boshlaydi.
Ayni kunda Bangladesh daromadining 3/4 qismi tekstil sanoatiga to‘g‘ri keladi.
Toshkent anjumanida qatnashuvchi davlatlar
O‘zbekiston poytaxtida o‘tkaziladigan Xalqaro anjumanda Germaniya, Shveysariya, Janubiy Koreya, XXR, Rossiya, Hindiston, Yaponiya, Bangladesh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, AQSh, Belgiya, Fransiya, Rossiya singari, jami 20dan ziyod davlatlardan to‘qimachilik biznesi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari jahon paxta tolasi bozorining hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish barobarida, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga chet el investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishadilar.
Toshkent forumi jadal rivojlanib kelayotgan bozorlardan biriga kirib borish uchun nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki boshqa davlatlar uchun ham interaktiv maydon vazifasini o‘tashi kutilmoqda.