Bilasizmi?

O‘zbekiston matbuoti erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida qolmoqda

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti har yillik jahon davlatlarida matbuot erkinligi reytingini e’lon qildi, deb yozadi Kun.uz.

Reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston matbuoti 61.15 ko‘rsatkich bilan 165-o‘rinda qolgan.

«Chegara bilmas muxbirlar» mamlakatimizdagi so‘z erkinligi holatini «murakkab» deb baholamoqda. O‘zbekiston reytingda o‘tgan yili 169-o‘rinni egallagandi, 2018 yil bahorida e’lon qilingan reytingda 4 pog‘ona ko‘tarilish kuzatilgan va 165-o‘rin zabt etilgandi.

Reytingda kuchli beshlikni Norvegiya, Shvetsiya, Niderlandiya, Finlandiya va Shveysariya zabt etgan. Reytingda oxirgi o‘rinlarda Turkmaniston, Eritreya va Shimoliy Koreya joylashgan.

Matbuot erkinligi reytingi «mahalliy jurnalistlarning erkinlik darajasi»ga ko‘ra saralangan 180 ta davlat ro‘yxatidan iborat.

U turli davlatlardagi jurnalistlar, yuristlar va sotsiologlarning maxsus anketasiga berilgan javoblariga ko‘ra tuziladi. Anketa savollari jurnalistlar ishi bilan bog‘liq keng doirali mavzularni qamrab oladi — qonunchilik, o‘zini o‘zi senzura qilish, medianing erkinligi, fikrlar plyuralizmi, turli institutlar va idoralarning jurnalistlar bilan ishlashga tayyorligi va hokazo.

Bundan tashqari, baholashda o‘ldirilgan, qamoqqa tashlangan jurnalistlar soni, shuningdek jinoiy ta’qib qilinayotgan blogerlar va jurnalistlar assistentlari kabi ayrim qo‘shimcha mezonlar ham hisobga olinadi.

Ma’lumot uchun, «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro nohukumat tashkiloti 1985 yili Fransiyaning Monpele shahrida tashkil etilgan. Tashkilotning asosiy maqsadi butun dunyodagi matbuot sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar va insonlar manfaatini himoya qilish hisoblanadi. Bosh ofisi Parijda joylashgan bu tashkilotning shiori «Erkin matbuotsiz biror to‘qnashuv va kurash haqida hech qachon bilib bo‘lmaydi».