Bilasizmi?

«O‘zbekiston havo yo‘llari» xususiylashtirilishi mumkin, lekin O‘zbekiston oltin va neft ustidan nazoratni saqlab qoladi

O‘zbekiston «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning xususiylashtirilishiga tayyor, ammo oltin konlari va neft qazib olish ustidan nazoratni saqlab qolishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Suhrob Xolmurodov va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi vakili Sardor Sa’dullayevga asosan xabar tarqatgan.

«Biz asosiy sektor deb hisoblaydigan, bizning fikrimizcha, davlat nazorati ostida tutib turishimiz kerak bo‘lgan narsa — bu asosan oltin qazib olish va bizning bosh neft kompaniyamiz», — dedi Sa’dullayev ayni paytda Iordaniyada bo‘lib o‘tayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining an’anaviy yig‘ilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z aviabozorini ochishga tayyor, bu, shu jumladan, Milliy aviakompaniyani xususiylashtirish hisobiga amalga oshishi mumkin.

«Bizda bitta monopol aviakompaniya — «O‘zbekiston havo yo‘llari» bor, ammo biz aviakompaniya daxlsiz kompaniyalar ro‘yxatidan chiqishi uchun sektorni isloh qilish maqsadida Jahon banki bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz», — dedi Sa’dullayev.

Shuningdek, Sa’dullayev energetika tarmog‘ini ham izohladi.

«Biz shuningdek, energetika sektori haqida ham o‘ylayapmiz, ammo biz davlat-xususiy sheriklik modeli juda to‘g‘ri usul bo‘ladi, deb hisoblaymiz», — dedi Sa’dullayev davlat mulkidan foydalanish bo‘yicha to‘liq huquq emas, aksiyalar sotilishini nazarda tutib.