Bilasizmi?

O‘zbekiston dunyoda birinchi bo‘lib alohida bir davlat uchun erkin iqtisodiy zona tashkil etadi

O‘zbekiston dunyoda ilk marta alohida bir mamlakat uchun erkin iqtisodiy zona tashkil etadi. Bu haqda respublika Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov ma’lum qildi, deb yozadi Kun.uz.

«Savdo-sanoat palatasi Chilonzor tumani hokimining nemis erkin iqtisodiy zonasi tuzish bo‘yicha taqdimotini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Aytish mumkinki, Jahon savdo tashkilotiga a’zo 193 mamlakat orasida bu alohida davlat uchun tashkil etilgan birinchi erkin iqtisodiy zonadir. Men o‘ylaymanki, germaniyalik investorlar buni munosib baholashadi», – degan Ikramov.

Nemis erkin iqtisodiy zonasini Toshkent shahridagi «Algoritm» majmuasi bazasi o‘rnida, 16 gektardan ortiq maydonda tashkil etish rejalashtirilgan.

Bosh vazir Abdulla Aripovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bunday yagona sanoat zonasining paydo bo‘lishi Germaniya sarmoyalarini jalb qilishga va ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi.

Shu kunlarda O‘zbekistonga Germaniya ishbilarmon doiralari vakillarining ikki tomonlama hamkorlik tarixidagi eng ko‘p sonli delegatsiyasi tashrif buyurgan. Ular orasida Siemens, MAN, BASF, TUI Group, SAP, Deutsche Bank va Commerzbank kompaniyalari, shuningdek, kichik va o‘rta biznes vakillaridan iborat katta guruh bor.