O‘zbekistonning "Binokor" xokkey klubi shaybali xokkey bo‘yicha BAA prezidenti Kubogi xalqaro turnirida g‘olib bo‘ldi.
"Binokor" to‘rtta uchrashuv o‘tkazdi va barchasida yirik hisob bilan g‘alaba qozondi: Binokor – Timber Wolves 6:3, Binokor – Tneebs 8:3, Binokor – Oman National 12:2, Binokor – Storms 6:4.
"Ushbu xalqaro turnirda oldimizda ikkita asosiy vazifa turgandi: mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilish va yosh xokkeychilarimizni sinab olish. Musobaqa natijalariga ko‘ra, biz har ikki vazifani a’lo darajada uddaladik", — dedi "Binokor" xokkey klubi bosh murabbiyi Alisher Azimov.
Musobaqalar tugaganidan so‘ng o‘zbek jamoasi BAAning EHL ligasida ishtirok etuvchi Kanadaning Mighty Camels klubi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.
O‘yin 10:2 hisobida "Binokor" foydasiga hal bo‘ldi.
"Kanadaliklar o‘zbekistonlik xokkeychilar o‘yinidan shu darajada hayratda qolishdiki, ular Google orqali O‘zbekistonni qidirishga tushishdi. Xokkey bizda atigi 5 yil oldin paydo bo‘lganini bilishgach esa hayratlari yanada oshdi", — deydi Azimov.