Erkak.uz saytining bu galgi maqolasida bukilmas irodali, sabr-matonatli ko‘p qirrali bir yigit haqida hikoya qilamiz. U mutaxassisligiga ko‘ra buxgalter, fan va madaniyat homiysi, dunyoga taniqli motivatsion notiqdir. Xo‘sh, nima bo‘libdi, deysizmi? Gap shundaki, uning ikkala oyog‘i yo‘q. Oyoqsiz ham buning iloji bor, deysizmi? Uning ikkala qo‘li ham yo‘q. Baxtsiz falokat tufayli nogiron bo‘lmagan, Nik Vuychich tetraameliya sindromiga uchrab qo‘lsiz-oyoqsiz dunyoga kelgan.
...1982 yilning 2 dekabrida pastor Boris Vuychich oilasida farzand dunyoga kelayotgan edi. Boris tug‘ruq jarayonida ishtirok etdi. Tug‘ilayotgan chaqaloqning ikki qo‘li yo‘qligini ko‘rib, ona uning yuzidagi o‘zgarishni ko‘rmasligi uchun xonadan chiqib ketdi. Farzand tug‘ilgach, shifokorlardan “farzandimning qo‘li yo‘qmi”, deya so‘radi. “Yo‘q”, deyishdi shifokorlar. “Uning qo‘li ham oyog‘i ham yo‘q”. Doyalar onaga farzandini ko‘rsatgani qo‘rqishardi.
Bolani Nik (Nikolas) deb atashdi. U Avstraliyadagi serb muhojirlari oilasida dunyoga kelgandi.
Nikning qo‘llari o‘rni tekis, oyoqlari mutlaqo “o‘sib chiqmagan”, faqat bir oyog‘ining tovon qismi baliq dumiga o‘xshab chiqib qolgan edi. Shu a’zosi yordamida u yurishni, suzishni, yozishni, aravachada yurishni o‘rgandi. U avval nogironlar maktabida, so‘ng barcha bolalar o‘qiydigan maktabda ta’lim oldi. Sog‘lom bolalar orasida Nikka juda og‘ir, u barchaga o‘xshamasligidan siqilar, nega dunyoga kelgani haqida xayol surar edi.
Sakkiz yoshida u vannadagi suvga cho‘kib o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Ammo o‘zini jondan ortiq yaxshi ko‘rgan ota-onasini o‘ylab ahdidan qaytadi. Kunlardan bir kuni unga onasi odamlarni hayotsevarlikka o‘rgatgan nogiron inson to‘g‘risida hikoya o‘qib beradi. Bu Nik o‘zligini anglashi uchun turtki beradi.
Yettinchi sinfda Nikni sinf sardori etib saylashadi. U kengashda o‘quvchilar masalalarini muhokama qilar edi.
Maktabni tamomlagach, Nik tahsilni davom ettirdi. Buxgalterlik va moliyaviy rejalashtirish mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ma’lumot oldi. 19 yoshida unga universitet talabalari oldida nutq so‘zlashni taklif qilishdi. U bor-yo‘g‘i 7 daqiqa so‘zladi. Uchinchi daqiqadayoq tinglovchilarning yarmi ko‘zlariga yosh oldi. Bir qiz Nikka yaqinlashdi va yig‘lagancha uni quchib “Hech kim hech qachon meni yoqtirishini izhor qilmagan, hech kim o‘z holimcha go‘zalligimni aytmagan. Bugundan mening hayotim o‘zgardi”, deydi. Shundan so‘ng Nik hayotining mazmunini kashf etadi – u insonlarning o‘ziga ishonchini mustahkamlash, hayotiga quvonch ulashish, ko‘tarinki ruh va ilhom baxsh etish uchun dunyoga kelgan.
2005 yilda u “Avstraliyalik yilning yosh insoni” nufuzli mukofotiga sazovor bo‘ldi.
2009 yilda u “Kapalaklar sirki” filmida rol ijro etdi. Yigirma daqiqali filmda u qo‘lsiz va oyoqsiz Uill taqdiri va matonatini gavdalantirib bergan.
Hozir Nikolas Vuychich 34 yoshda. U erishgan muvaffaqiyatlarga qo‘li va oyog‘i butun insonlar havas bilan qarashadi. Nik xayriya tashkilotining prezidenti sanaladi. Motivatsion kompaniyasi: “Attitude Is Altitude”. 10 yil mobaynida u butun dunyoni aylanib chiqdi, millionlab odamlarga o‘z tarixini so‘zlab berib ruhlantirdi. Turfa auditoriyalarda nutq so‘zladi.
Nik Vuychich sayti lifewithoutlimbs.org. Youtube.com saytida Nik Vuychichning yuzlab motivatsion videolari mavjud.
U o‘z chiqishlarida stolda turgancha “Ba’zan mana bunday yiqilib tushasizmi?” - deydi va yuzi bilan tap etib stolga yiqiladi. “Hayotda yiqilib tushasiz, ammo turishga holingiz yo‘q vaziyatlar bo‘ladimi? Umid bor-yo‘qligi haqida o‘yga tolasizmi... Mening na qo‘lim na oyog‘im bor! Yuz marta tursam ham ular o‘sib chiqmaydi. Ammo navbatdagi omadsizlikdan keyin umidimni so‘ndirmayman. Qayta-qayta urinib ko‘raveraman. Omadsizlik - bu intiho emasligini tushunishingizni istayman. Eng asosiysi – qanday tamomlashingizdir. Siz kuchli inson sifatida tamomlamoqchimisiz? Unda o‘rningizdan turishga kuch toping – mana bunday qilib”, deydi u va peshonasiga tayanib ko‘tariladi, yelkalariga tiraladi, so‘ng turib oladi. Bu paytda tinglovchilarning ko‘zidan yosh oqadi. Nik so‘zida davom etadi: “Mendan so‘rashadi: Nimaga buncha ko‘p kulasiz?”
Nik Vuychich 2012 yilning 12 fevralida Kanae Miaxara ismli qizga uylangan. To‘y Kaliforniyada o‘tkazildi. Yoshlar Gavayiga sayohatga borishdi. 2013 yilning 14 fevralida Nik o‘g‘il ko‘rdi, uni Kiyoshi Jeyms Vuychich deb nomlashdi. 2015 yilning avgustida esa Vuychichlar oilasida ikkinchi farzand - Deyan Levi Vuychich tug‘ildi. Nikning ikkala o‘g‘li ham to‘rt muchasi sog‘.
Nik oilasi bilan Los-Anjelesda yashaydi.