Madaniyat

Munosib va baxtiyor hayot kechirishda italyanlarning 10 taomili

Italyanlar — san’at va madaniyat, ko‘hna tarix va falsafa uyg‘unligidagi muhitda ulg‘ayib, har lahza bulardan lazzatlanib yashash hissini fahmlagan millat. Ularda ham boshqalar kabi uzoq yillar shakllangan an’analar, odatlar bor. Quyida shular haqida bayon qilamiz.

  1. Taom, bu — lazzat, uni iste’mol qilish esa taomildir.

Italyanlar ovqatlanish masalasida muayyan jadvalga asosan ish tutishadi. G‘alati eshitilishi mumkin, biroq bu rost. Italiyaliklar bunga qat’iy rioya etishadi. Misol uchun, tongda biror pishiriq tanovul qilib, qahva ichish yoki haftaning biror kunida kunduzgi oilaviy tushlikni qilish, 17:00-19:30 oralig‘ida vino yoki biror qo‘lbola ichimlik ichish, 20:00-21:00 da uy yoki tamaddixonada kechki ovqatni iste’mol qilish keng tarqalgan milliy taomildir.

Yo‘l-yo‘lakay ovqatlanish, amerikaliklar kabi qo‘lida qahva idishi bilan yugurish yoki fastfud taomlarni yeyish kabi holatlar italyanlarda juda bo‘lmagan, favqulodda ko‘zga tashlanadigan odatlardir.

Italiyaliklar uchun eng yaxshi taom, bu — o‘zingga yaqin joyda, o‘z tuprog‘ingda unib-o‘sgan toza mahsulotdan, hozirgina tayyorlangan ovqatdir. Shuningdek, taom — kim bilandir baham ko‘rilishi lozim bo‘lgan huzur-halovatdir.

Boisi sho‘rvani maza qilib ichish va taassurotlarni o‘rtoqlashish — ovqatni yanada huzurbaxsh qiladigan, taomlanish an’anasining ajralmas udumidir.

  1. Muloqot — ijtimoiy hayotnig harakatga keltiruvchi kuch, suhbat, bu — san’at.

Siz biror italiyalik bilan, hatto u sizni yaqindan tanimasa ham turli mavzuda bemalol suhbatlasha olasiz: axir u kirishimli millat farzandi.

Italiya — netvorking asosida biznes qiladiganlar uchun chinakam sinov maydoni. Boisi muloqot va suhbatni sevadigan italyanlar juda sinchkov va qiziquvchan bo‘lishadi, har narsani diqqat bilan o‘rganishadi. Ular bu ko‘nikmaga bolalikdan ega bo‘ladilar.

Mavzu diapazoni dehqonchilikdan tortib, vino tayyorlashgacha, Sezardan tortib Kleopatraga oid tarixiy dalillar, Rim me’moriy yodgorliklaridan to madaniy-ma’rifiy mavzulargacha bo‘lgan sohalarni qamrab oladi. Bu suhbatlar idrok uchun ozuqa, yangi bilimlarning konidir. Ular dono suhbatdoshni kashf qilib, do‘stlik sarhadlarini kengaytirish uchun ayni muddao.

  1. Hayot — nimaningdir ortidan quvish uchun qisqalik qiladi. Hayot oddiy va uni yashash kerak.

Italyanlar his-tuyg‘u bilan yashaganlari tufayli ham hamma narsaga ulguradilar. His-tuyg‘u esa tanadagi, yon-atrofdagi stress darajasini sezilarli darajada kamayishiga olib keladi. Natijada, ortiqcha pala-partishliklar barham topib, inson maqsad bilan harakatlanishni o‘rganadi. Yarim kunlik ish kunidan keyingi 3 soatda ham ko‘p narsaga ulgursa bo‘ladi. Chunki, italiyaliklar fikricha, hissiyot insonni yanada diqqatli bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.

Ba’zida "sekinlashib" qoling. Bir muddat yolg‘iz qoling. Deylik, uyga shoshmasdan yayov borish, sokin xiyobonda sukutga cho‘mish. Biror do‘st bilan shoshmasdan suhbatlashish ham italiyaliklarning sevimli odati. Bu amallar inson salomatligi uchun foydali. Inson shoshma-shosharlikda ko‘proq tushkunlikka tushishini inobatga olsak, sekinlik ruhni yana o‘zining sog‘lom holatiga qaytaradi.

  1. Hayot mohiyati va sifati — 1-darajali masala. E’tirozga o‘rin yo‘q.

Italiyaliklar shod-xurramlik, hayotdan ilhomlanish va lazzatlanish, uni mazmunli yashashga xizmat qiladigan odatlarga alohida diqqat qiladilar.

Bu millat vakillarining fikricha, tonggi gazetani bir finjon qahva ustida o‘qish, kunning qaysidir qismida vaqtni oila bilan o‘tkazish, farzand uchun vaqt ajratish, do‘stlar suhbatida bo‘lish umrni yanada go‘zallashtiradi.

Faqat ish uchun yashash xato. Aksincha, yashashga ulgurish uchun ishlash kerak. Yaxshi yashashga ulgurish uchun, albatta.

  1. O‘zingizga muruvvatli bo‘ling. "Nega "yo‘q", "ha" emas?" Bu hayotiy falsafa.

Italiya havasni keltiradigan rang-baranglikka to‘la. Har qadamda mazali qahva, xushxo‘r shirinliklar, o‘ziga xos musallas va ta’mi og‘izda qoladigan muzqaymoq, kirgach biror nima xarid qilmay chiqishning imkoni yo‘q qiziqarli do‘konlar.

Xo‘sh, nega bu mo‘’jizaviy lahzalardan rohatlanmaslik kerak? Garchi, arzimas tuyilsa ham, bularning inson baxtiyorligidagi o‘rni katta.

  1. Oila uchun vaqt ajratish. Oila — bu qo‘rg‘on.

Puling tugashi, omading ketishi bilan sen erishgan natijalar sarobga aylanib, sen o‘zing "zabt" etgan cho‘qqidan pastga tushasan va atrofingda oilangdan bo‘lak hech kimni ko‘rmaysan.

Oila italyanlar uchun baxtsizliklardan himoyalanish mumkin bo‘lgan yagona panoh. Oila har qanday vaziyatda ham sendan voz kechmaydi.

Italyan oilasi har dam olish kuni kechki ovqatni jamuljam bo‘lib, xushchaqchak, xotiralarni yodga olib, hamjihatlikda o‘tkazadi. Shu kuni uzoq qarindoshlar ham keksa avlod vakillarini yo‘qlab mehmonga boradilar.

Bu suhbat va mehmonnavozliklar oilaviy rishtalarning mustahkamligiga xizmat qiladi.

  1. Bolalar bilan sayr odatiy — manzara, muhim taomil.

Italyanlar bolajon xalq. Har yerda —qimmatbaho restoran, go‘zallik saloni, butik va do‘konlarda, xiyobonlarda bolalar bilan yurgan ota-ona, bobo-buvilarni ko‘rib, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Do‘kon yoki restoranlar ham tashrif buyurgan kichkina mijozga hurmat ko‘rsatib, maxsus stul yoki o‘yinchoq bilan ta’minlashadi.

  1. Sog‘lom turmush tarzi — bu hayot uslubi.

Shu sababli ham, pasta yoki pitssa italyan xonimining qad-qomatiga o‘z ta’sirini o‘tkaza olmaydi. Bir italyan yil davomida o‘rtacha 26 kg pasta iste’mol qiladi. Ammo derli barcha italiyaliklar "M", ya’ni o‘rtacha o‘lchamdagi kiyim-kechak kiyishadi.

Italiyada diyetadagi kishini uchratish qiyin. Ular odatlangan ovqat tarkibining o‘zi tayyor diyeta. Italiyaliklar ovqatlanishda bir nechta oddiy qoidalarga rioya etishadi: sabzavot, oqsilga boy mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlar, meva tanovul qilish sog‘lom ovqatlanish qoidalaridan.

Salomatlikning yana bir jihati jismoniy harakat bilan bog‘liq. Ular yayov yoki velosipedda yurishni xush ko‘rishadi. Mashinadan esa maqtanish vositasi emas, olis masofaga borishda foydalaniladi. Bozor yoki xaridga chiqqanda ham, italyanlar mashinasiz borishni afzal ko‘rishadi.

  1. Kiyim — inson bezagi, aloqa o‘rnatish vositasi.

Italyanlar atrofdaglarda qanday taassurot uyg‘otishlaridan tashvishlanadilar. Va, yaxshi bilasizki, bu ijobiy fazilat. Shu sababli, ular hozir borishni ko‘zlagan manzil va marosimdan kelib chiqib, kiyinadilar.

Yozda Rim yoki Florensiya markazida yengi kalta ishton, slansi, futbolka kiyib yurgan kishiga duch kelsangiz, u italyan emas, sayyoh.

Yaxshi va samimiy kiyish insonning o‘ziga va yon-veridagi odamlarga bo‘lgan hurmatining ifodasi.

  1. Yaxshi xulq hayotni yanada dilkash qiladi.

Qayerga bormang, jilmayish va o‘sha yerdagi odamlar bilan muloyimlik bilan so‘rashishga odatlaning. ijoz sifatida ham biror joyga kirsangiz, u yerning har bir xodimi sizdan hol so‘raydi.

Kim bilandir gaplashayotganda uning ko‘zlariga qarab javob qaytarishga to‘g‘ri keladi. Kimdir sizga bexos urilib ketsa, siz birinchi bo‘lib kechirim so‘rang. Shunga o‘xshash mayda-chuyda vaziyatlarda murosali bo‘ling. Kim uchundir bular usti yaltiroq fe’l-atvor bo‘lib ko‘rinish mumkin, biroq ular bilan hayot yanada go‘zaldir.