Aziz Nesin
O‘sha kuni ertalab siyosiy politsiyaning mansabdoriga xo‘jayin quyidagicha buyruq berdi.
- Chjan, senga o‘ta muhim ishni topshiramiz. Sen uchun butun xizmating davomidagi eng sharafli vazifadir. Albatta, sen buni eplaysan.
Chjan to‘zigan botinkasi, paypoqlariga qaragancha tortinibroq so‘radi:
- Mukofot puli beriladimi, janob boshliq?
- Albatta, agar muvaffaqiyatli bajarsang uch ming yuan olasan. Endi mening gaplarimga quloq sol.
Boshliq unga nimalarnidir uqtirdi, ammo Chjan hech nimani tushunmadi. Uning xayolida uch ming yuan aylanar edi. Xuddi katta pulga o‘xshaydi, biroq bozorda birpasda sovurasan.
- Sen Amerika maxfiy xizmatlari kursida ta’lim olganmisan? – so‘radi shef.
- Nima? – deya sado chiqardi Chjan, hanuz uch ming yuandan boshi aylangan ko‘yi.
- Amerika mutaxassislari bilan...
- A, ha, ha...Men eng yuqori baho olardim
- Unda senga ishonsam bo‘ladi. Chjan, meni diqqat bilan eshit. Qiyofangni yaxshilab o‘zgartirishing kerak. Egningga juldur kiyim kiyib, ertadan kechgacha Chan An-sze prospektidagi pushtirang bino ro‘parasida sadaqa so‘rab o‘tirishing kerak bo‘ladi.
- Tushunaman, xo‘jayin. Tilanchilardek kiyinish menga qiyin emas.
- O‘sha katta binoga kimlar kirib-chiqayotganini kuzat. Har kuni kechqurun menga bu haqda bildirib turasan.
- Eshitaman, xo‘jayin.
Chjan afti va kiyimini shunday mahorat bilan o‘zgartirdiki, uning yaqin tanishlari ham ko‘rishganda, tilanchi bo‘lib tug‘ilgan, deb o‘ylashar edi. Butun Xitoyni kezib bundan zo‘r tilanchini topolmasdingiz.
Chjan tilanchilikni boshlagan kuni ertalab oldiga shef keldi va chaqa tashlayotib so‘z qotdi:
- Tabriklayman seni, Chjan. Senligingni bilmaganimda haqiqiy tilanchi deb o‘ylar edim.
Ish faoliyatining birinchi kunida Chjan yo‘lovchilar tashlab o‘tayotgan tangalarni yig‘ib cho‘ntagiga solishga zo‘rg‘a ulgurdi. Politsiyadan topshirilgan vazifaga deyarli vaqti bo‘lmadi. Ma’lum bo‘ldiki, bu qashshoq mamlakatda kambag‘alning ko‘zyoshini artib qo‘yuvchilar juda ko‘p ekan! U chorrahaga chordana qurib, oldiga ro‘molchani yozishi bilanoq pul tashlab ketishardi.
Chjan ajablanib qoldi. Bu yerda ketini ko‘tarmay uch kunda topgani politsiyada kechayu kunduz shaharda halak yugurib topganidan ortiqroq edi.
Ikkinchi haftada ertalab to‘satdan qulog‘i ostida ovoz guvilladi:
- Chjan, hozirgacha bitta ham doklad topshirmading!
Tilanchi qo‘rqa-pisa boshini ko‘tardi:
- Xudo haqqi... Ertaga kechqurun boraman...Marhamatingizni ayamang, xo‘jam.. Xo‘jayin, doklad qilaman...Kambag‘al, so‘qqabosh, bechoraga xayr qiling...
Atrofdagilar hech narsadan shubhalanmay tilanchiga ehson tashlab o‘tishar edi. Xo‘jayin:
- Dokladni kutaman! – dedi.
Chjan bir oycha tilanchilik qildi. Ish boshlayotib buncha katta pul to‘plashi mumkinligi xayoliga ham kelmagandi. Mehnatning ozligini aytmaysizmi? Asosiysi – erkin, o‘ziga xon o‘ziga bek. Istasa – ishlaydi, istamasa – yo‘q. U birdan qaror qildi va ertalab xo‘jayinning oldida hozir bo‘ldi.
- Kechikkaningga qaraganda natijalar yaxshiga o‘xshaydi, shundaymi?
- Ha, - dedi Chjan. – Marhamat, mening raportim!
Chjan uzatgan qog‘ozni o‘qib chiqib xo‘jayinning sarg‘ish yuzi guruchday bo‘zrayib ketdi. Chjan ishdan bo‘shash haqida yozgan edi.
- Aqldan ozdingmi, Chjan? Pensiyaga yo‘l bo‘lsin? Shuncha yil xizmat qilgan dargohingga tuflab ketasanmi?
- Tuflab ketaman, - dedi Chjan.
- Senday tajribali bo‘lgan...
- Bo‘lsa bo‘lar...
Xo‘jayin uning yelkasiga qo‘lini tashladi. Siyosiy politsiyada uzoq yillik tajribasi bo‘lmish teshib yuboruvchi nigohini Chjanning ko‘ziga tikdi, go‘yoki uning eng maxfiy sirlarini bilib olmoqchi edi.
- Chjan, meni laqillatolmaysan, bu yerda nimadir bor..
Chjan tashvish bilan xo‘jayiniga qaradi. So‘ng har kuni tushgan pullar yozib borilgan daftarchasini xo‘jayinga ko‘rsatdi:
- Men hamma pullarni siz tufayli to‘pladim, shuning uchun hech kimga aytolmagan gapimni sizga dangal aytaveraman. Iltimos, bu haqda xizmatdoshlarimizdan hech biriga aytmang.
Xo‘jayin Chjanga havas bilan boqqancha dedi:
- Kechirasan, Chjan! Esingda tut va hech kimga og‘zingdan gullab qo‘yma! Gap oramizda qolsin. Men ham gavjum ko‘chalardan birida o‘zimbop joy topib sen kabi ro‘molcha yozib o‘tirmoqchiman.
manba: Sh. Islomov blogi