17 yanvar kuni afsonaviy bokschi Muhammad Ali hayot bo‘lganida 75 yoshni qarshilagan bo‘lar edi. Ali ilk bor 13 yoshida boks bilan shug‘ullanishni boshlagan va 18 yoshida Olimpiadada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. U 1964—1966, 1974—1978 orasida og‘ir vaznda mutlaq chempion bo‘lgan.
Uning hayoti va bosib o‘tgan yo‘li minglab insonlar uchun namuna vazifasini o‘taydi. U tirik afsona deb atalishga loyiq — Muhammad Ali qashshoq oilaning oddiy farzandi bo‘lib jahon tan olgan bokschi va jamoat arbobiga aylangan. Xuddi Ali kabi boks tushishni o‘rganish mumkin, lekin uning hayotiy qoidalariga amal qilish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi.
Muhammad Ali hayoti davomida erishgan yutuqlariga mashg‘ulotlar emas, aynan mana shu qoidalar sababchi bo‘lganligini ko‘p bora ta’kidlagan.
Yordam
Ali jabr chekkan yoki biror narsadan mahrum bo‘lgan kishilar bilan juda ko‘p muloqotda bo‘lgan. U o‘zidan yordam so‘ragan har bir kishiga ko‘mak berishga harakat qilgan va buni boshqalarga ko‘z-ko‘z qilmagan. U Xudo uni ma’lum bir vazifani bajarish uchun yaratganligiga ishongan.
G‘urur
G‘ururning kibrga hech qanday aloqasi yo‘q. Buni Ali isbotlay olgan. Inson nafaqat jismonan balki aqlan ham mukammal bo‘lishga harakat qilishi darkor.
O‘zini bag‘ishlash, maqsadni aniqlash va intizom
Ali bu uch narsaga butun hayoti davomida amal qilgan.
Mag‘lubiyat
Mag‘lubiyatni tan olish murakkab fanga o‘xshaydi. Omadsizlik omad sari yo‘l ekanligini anglash g‘alaba sari muhim qadam tashlashdir.
O‘ziga ishonch
O‘z kuchini anglab yetish boshqalar imkoni yo‘q deb o‘ylagan narsani bajarishga yordam beradi. Ojizlik siz va maqsadingiz orasida tez-tez paydo bo‘luvchi to‘siqdir.
Manba: Kun.uz