Bilasizmi?

Milliy valyuta mustahkamlanmoqda - Markaziy bank

O‘zbekiston Markaziy banki 2018 yilning yanvar — aprel oylarida ichki valyuta bozorida amalga oshirilgan moliyaviy operatsiyalar tahlilini e’lon qildi.

Tahlilda aytilishiga ko‘ra eksport tushumi 25 %ga import xarajatlari miqdori 33 %ga oshgan.

2017  yilda tovarlar eksportidan kelib tushayotgan valyuta tushumi 1,6 mlrd. dollarni tashkil qilgan bo‘lsa 2018 yilning birinchi kvartalida ushbu ko‘rsatgich 2 mlrd dollarni tashkil qilgan (+25%).

Yuridik shaxslar tomnidan xorijiy valyuta sotib olinishi miqdori 2,8 mlrd. dollarni tashkil qildi. Xorijiy valyuta asosan — (75%) xalq iste’moli mahsulotlari importini amalga oshirish, ishlab chiqarish asbob-uskunalari sotib olish, kreditlar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirish va medikamentlar importi hamda xorijiy sarmoyadorlar daromalarini qaytarish  maqsadlarida amalga oshirilgan.

Jismoniy shaxslarga tijorat banklari tomonidan sotilgan valyuta hajmi  150,6 mln dollarni, aholidan sotib olingan valyuta miqdori esa 646,2 mln dollarni tashkil qildi.

"2018 yilning fevral oyidan boshlab aholidan valyuta sotib olish hajmining tobora o‘sib borishi va valyuta kursining pasayib borishi kuzatildi. Bu milliy valyutaning mustahkamlanib borayotganidan darak beradi", — deyilgan hisobotda.

Shuningdek, hisobotda 2018 yilning yanvar — aprel oylari davomida milliy valyuta kursi 8192 so‘mdan 8064 so‘mgacha diapazonda o‘zgarib turgani va Markaziy bank tomonidan qabul qilingan yangi intervensiyalar siyosati natijasida milliy valyuta kursi mustahkamlanib kelayotgani ta’kidlangan.