AQSh prezidentligiga nomzod, kutilmagan bayonotlari bilan ajralib turuvchi qiziq fe’lli milliarder Donald Tramp ko‘plab xususiy mulklar, samolyot va vertolyotlarga egalik qiladi. Yaqinda u yaxta sotib oldi. Uning avtomobillariga esa alohida to‘xtalib o‘tish lozim.
“Biznesda har bir dollar va hattoki, 10 sent muhimdir. E’tiborga arzimaydi, deysizmi? Salomat bo‘ling. Men bo‘lsa avtomobil yoki tish cho‘tka xarid qilishimdan qat’i nazar har doim narxlarni solishtirish uchun vaqt topaman”, deb tan olgandi Tramp intervyularidan birida.
Trampning saylovlardagi raqobatchisi Xillari Klintonning avtomobillar kolleksiyasi yo‘q. Xillari xonim 1986 yilda havorang Oldsmobile Cutlass Ciera sedanini sotib olgan. Uning eri Bill Klinton prezidentlikka saylangach, oila Oq Uyga ko‘chib o‘tgan, sedan esa sotilgan. Gap shundaki, davlat rahbari va uning oila a’zolarini Maxfiy xizmatlar qo‘riqlaydi, ular esa o‘zlari mashina minishlari mumkin emas. Hattoki, prezidentlik muddati o‘tganda ham mashina haydamasligi mumkin.
Tramp esa avtomobilga pulni ayab o‘tirmaydi. Amerikaga buyuklikni qaytarmoqchi bo‘lgan nomzod mashina tanlashda unchalik ham vatanparvar emas.
Rolls-Royce Silver Cloud
1964 yilda Nyu-Yorkdagi harbiy akademiyani tugallagach, kino maktabiga kirmoqchi bo‘ldim… ammo ko‘chmas mulk foydaliroq biznes, degan xulosaga keldim”, deb yozgan Tramp o‘zining “Bitim tuzish san’ati” kitobida. 22 yoshida u otasining firmasida ishlay boshlagan, uch yil o‘tib firma rahbariga aylangan. Trampning birinchi yirik loyihasi Manxettendagi 68 qavatli Trump Tower hisoblanadi. Shundan beri oynavand osmono‘par imoratlar Trampning tashrif qog‘oziga aylandi. Trapmning o‘zi g‘ayrioddiy xarakterli kinoqahramonga o‘xshardi. Uning birinchi avtomobilini ko‘rsangiz, “mol egasiga o‘xshaydi”, iborasini eslaysiz. 1956 yilda ishlab chiqarilgan to‘q qizil Rolls-Royce Silver Cloud eski modada bo‘lib, Trampning Britaniya markalariga ishqibozligi shundan boshlangan.
Rolls-Royce Phantom
O‘tgan yilning iyun oyida Tramp “Amerikaga buyukligini qaytaramiz” shiori bilan prezidentlik uchun kurashga kirishdi. Amerikaliklar, agar Tramp g‘alaba qozonsa, “Kadillak” emas, “Rolls-Roys”da yuradi, deb hazillashmoqda. Nomzodning o‘zi respublikachilar nomzodi sifatida qora Phantom avtomobilida yuradi. Trampning “Fantom”i barcha qo‘shimcha opsiyalari bilan 507 950 dollar turadi. U ba’zan ommaga limuzin rulida ham ko‘rinish berib turadi.
Cadillac Trump Golden Series
Tramp o‘zini “hech kim bahosini bilmaydigan xususiy kompaniya” deb atashni xush ko‘radi. Xorijiy developerlar uning sharafiga binolarni nomlash uchun ham haq to‘lashadi. Tramp nomi turli davrlarda choy, aroq, hattoki, go‘sht mahsulotlarida ham yozilgan. 1980 yillarning oxirida Cadillac uzaytirilgan limuzinlar seriyasini ishlab chiqarib, Tramp sharafiga nomlashni mo‘ljallagan. Limuzinlar oddiy Executive Series va hashamatli Golden Series variantlarida chiqarilishi kerak edi. Ularni bezatish bilan GM emas, Dillinger Coach Works atelesi shug‘ullanardi.
“Kadillak”larning salonida minibar, faks, televizor, videomagnitofon, telefon, hattoki, hujjatqiymalagichgacha (shreder) bor edi. Avtomobillar tashqi ko‘rinishdan tomi balandligi (egasining soch turmagini buzmasligi uchun) va Rolls-Roycedan andoza olgan radiator panjarasi bilan ajralib turardi. Golden Series limuziniga tilla suvi yuritilgan. Boshida Tramp ellikta avtomobilning o‘z nomi bilan atalishini reja qilgan, avtomobilsoz kompaniya minnatdorchilik tariqasida hatto unga Allante kabrioletini sovg‘a qilgan.
Ammo bu bitim Tramp 1991 yilda kasodga uchraguncha paysalga solib kelindi. Shunday qilib “trampmobil”lar to‘laqonli ishlab chiqarilmasdan ikkita prototipligicha qolib ketdi.
Acura NSX
1991 yilda Donald Tramp aktrisa Marla Meyplzga Acura NSX superkarini tuhfa qilgan. Ikki yil o‘tgach unga uylangan edi. Biznesmen va aktrisa o‘rtasida rishta bog‘lagan qora superkar o‘tgan yili eBay kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Alyuminiy kuzovli o‘rtacha motorli superkar Honda kompaniyasidan chiqqan. Uch litrli motori 100 km/soat tezlikka besh soniyadayoq erishish imkonini beradi.
Mercedes-Benz SLR McLaren
2004 yilda milliarder Mercedes-Benz SLR McLaren superkariga buyurtma bergan. Gap-so‘zlarga qaraganda, avtomobil Trampning uchinchi xotini Melanega atalgan. McLaren va Mercedes-Benz hamkorligining mevasi bo‘lmish SLR karbonplastikdan ishlangan. V8 motori 626 ot kuchiga ega. To‘rt soniyaga bormay soatiga 100 km tezlikka chiqadi. Eng yuqori tezligi 334 km/soat. Biroq rafiqasiga bag‘ishlangan avtomobil rejada belgilanganidek 3500 nusxa ishlab chiqarilmay qolib ketdi.
Lamborghini Diablo
1997 yilda milliarder to‘la uzatmali Lamborghini Diablo rodsterini xarid qilgan. 500 ot kuchiga ega havorang rodster ham o‘tgan yili savdoga qo‘yildi. Saylovoldi jarayonlari avjiga chiqqan paytda nomzodning “tabarruk” rodsteri narxi 299 mingdan 460 ming dollargacha ko‘tarilib ketdi.
Chevrolet Camaro
2011 yilda Indianapolis 500 poygasining ochilish marsimida General Motors kompaniyasi qayta dunyoga kelgan Chevrolet Camaro ruliga “Kandidat” teleshousi orqali mashhur Donald Trampni o‘tirgizmoqchi edi. Keyinroq uni mashhur poygachi Ey Djey Foyt bilan almashtirgan.
autonews.ru sayti asosida tayyorlandi