Ko‘p yillar burun, hali tashkilot va muassasalar o‘z bizneslarini iyerarxiya (quyi mansabdorlarning yuqori mansabdorlarga bosqichma-bosqich bo‘ysunishi) modeli asosida tashkil etgan vaqtlarida, garchi kimgadir bo‘ysunib yashagan bo‘lsa ham, adolatli va halol insonlar sanoat davri biznesining yirik yo‘lboshchilari hisoblanishgan. U davrlar ortda qoldi. Bugungi kunning muvaffaqiyatli rahbarlari, ayniqsa, jadal rivojlanayotgan global ahamiyatga ega kompaniyani boshqarayotgan liderlar fe’l-atvor uchun eng muhim bo‘lgan bir sifatga ega bo‘lishlari kerak, bu – anglash yoki tushunishdir.
Bizning kunlarimizga kelib, biznesda boshqaruv erkin bo‘ldi va kompaniya nufuzi hamda muvaffaqiyati bir qancha omillarga, jumladan rahbarning mahorat va qobiliyatlari bilan chambarchas bog‘lanmoqda.
Ammo jamiki ko‘nikma va bilimlarni o‘zida mujassam qilgan bunday kishini uchratish amri mahol. Boisi bugungi biznesda vazifalar qamrovi juda keng: texnik va jahonshumul hamda iqtisodiy masalalar, ma’muriy boshqaruvdan tortib, umumiy rahbarlikkacha, shu bilan birga faoliyatning mehnat bilan bog‘liq va yuridik jihatlari va boshqa-boshqalar bo‘yicha bilimlar chegarasi hadsiz.
Garchi, chinakam lider bu masalalarni ikir-chikirigacha anglab yetishga ojizlik qilishini tushunib yetsa ham, yo‘lboshchi bo‘lish, muvaffaqiyatga erishish uchun ilk qadamni tashlashga o‘zida jasorat topa oladi. Uning yutug‘i, fe’lining muhim belgisi ham ana shu jur’atda namoyon bo‘ladi.
O‘z xulq-atvorini, kuch-g‘ayrati va vakolatlarinii aniq-tiniq tushunish (ustiga ustak, bular bilan birga hissiy aql egasi bo‘lish ham nur ustiga a’lo nur) eng mushkul vazifa ekanini hisobga olsak, turli vaziyatlarda o‘z his-tuyg‘usini nazorat qila olish chinakam ustomonlikdir.
So‘zga e’tiborli bo‘lish, har bir so‘zni o‘rnida va ustalik bilan ishlatish, sinonimlardan foydalanish, fikrni ramziylik bilan ifodalash, yumorni unutmaslik rahbarning misoli oltindan quyilgan bebaho tagzaminidir.
Bu kabi fazilatlar insonning nafaqat oilaviy yoki turmush davralarida, balki ishda, muhim uchrashuvlar o‘tadigan yirik zallarda, rasmiy suhbatlarda ham o‘zini tutishi bilan bog‘liq yuzaga keladigan vaziyatlarda ijobiy muhit yoki fikr shakllanishiga xizmat qiladi.
Bu yerda gap insonning noqulay sharoitda yoki o‘z salohiyati, xohishi va bilimidan tashqarida bo‘lgan masalaga, kamchilik va yutuqlarga yuzma-yuz kelganida namoyon bo‘ladigan shaxsiy fe’l-atvor haqida ketmoqda.
Shunday yetakchi rahbarlar borki, ulardan ba’zilar kamchiliklarni qabul qilishga tayyor bo‘lishsa, boshqalar ularga qarshi kurashadilar va qaysidir rahbar esa mavjud muammoga xalqaro konsalting kompaniyasi yordamida yechim topishga harakat qiladilar.
Buning quyidagi sabablari bo‘lishi mumkin: 1) atrofdagilarni bu ishga kirishishga jalb qilish; 2) o‘zini ojiz hisoblaganlarga shu yo‘l orqali iste’dodlarini anglashlariga imkon berish.
Shuningdek, quyidagi uch fazilat biznesda yetakchi bo‘lishni istagan tadbirkorlar uchun juda kerakli jihatlardir.
Omilkorlik. Tadbirkor insonlar ish yoki muvaffaqiyatni deb o‘zini ishga ko‘mib tashlamaydi, ochko‘zlarcha o‘zlarini o‘qqa-cho‘qqa urmaydilar. Ular omilkor bo‘ladilar: ular atroflarida mavjud talab va ehtiyojga diqqat qiladilar. Undan so‘ng pishiq-puxta reja asosida harakat qiladilar. Garchi, ular rejaga ba’zi o‘zgartirishlar kiritsalar ham, bosh maqsad – foyda ko‘rish fikri ularning yodida turadi.
Ahamiyat kasb etish. Tadbirkorlikning hadisini olgan ishbilarmon shunchaki nom yoki pul uchun harakat qilmaydi, u kompaniya ahamiyati va xizmatlarning qadr-qimmatni oshirish yo‘llarini ham qidiradi. Odamlarga chindan zarur va ular og‘rinmasdan pul to‘laydigan xizmatlarni ko‘rsatish orqali kompaniya jamiyatda ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ijtimoiy sohada xizmat ko‘rsatish uchun bu juda muhim.
Toqatsizlanmoq. Shubha yo‘qki, sabr ezgulik fazilati. Ammo tadbirkorlik masalasida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda sabr qilib o‘tirish yaramaydi. Ayniqsa, bugun – mijoz tezkorlikni afzal ko‘rgan, xizmat yuzasidan o‘z munosabatini daqiqalar ichida ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘rtoqlashayotgan bir mahalda tadbirkorning sabr bilan ish qilishi o‘ziga qimmatga tushishi mumkin.
Xulosa qilib aytish mumkinki, shaxsiy fe’l-atvor rahbar, lider muvaffaqiyatiga har jihatdan o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Kompaniyani pul yoki rahbar emas, xulq-atvor boshqaradi.
Eslatma: Marshall Goldsmit biznesda muvaffaqiyatga erishish, omadli insonlar hayotini tadqiq qilish bo‘yicha taniqli mualliflardan biridir.