Shu yilning 14 mart kuni baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-sonli maktabning mehnat to‘garagi o‘qituvchisi Diana Yenikeyevaning yaqinlariga tovon to‘lovlari belgilandi. Bu haqda "Xalq bilan muloqot" guruhida xabar qilindi.
Xabarda aytilishicha, Diana Yenikeyevaning vafoti Maxsus tekshirish komissiyasi xulosasiga binoan ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa deb topilgan.
"Maxsus tekshirish komissiyasi faoliyatida kasaba uyushmalari vakili ham ishtirok etdi va voqealar rivoji O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining doimiy nazoratida bo‘lib turdi", — deyiladi xabarda.
Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, Diananing yaqinlariga quyidagi to‘lovlar to‘lanishi belgilandi:
"Agrosug‘urta" sug‘urta kompaniyasining Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan marhum Diana Yenikeyevaning oilasiga bir marta to‘lanadigan 44 mln 697 ming 96 so‘m bir yo‘la nafaqa miqdori belgilangan. Bunda Diananing olti yillik o‘rtacha ish haqi hisobga olingan.
Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik tufayli Diananing farzandiga oyma-oy 206 ming 931 so‘m miqdorida nafaqa to‘lash belgilandi. Ushbu nafaqa farzandi toki 16 yoshga to‘lgunga qadar, ya’ni 2018 yil mart oyidan 2032 yil 4 fevralga qadar to‘lab boriladi.
Bundan tashqari, 2019 yil 4 fevralga qadar, ya’ni Diananing farzandi uch yoshga to‘lgunga qadar jami 2 mln 211 ming 634 so‘mlik to‘lov ham tayinlangan.