Bilasizmi?

Madaniy meros: YeTTB O‘zbekistonda 153 million yevroga baholanuvchi olti loyihani amalga oshiradi

14-19 sentyabr kunlari O‘zbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)ning madaniy merosni saqlashga doir seminar va xalqaro treninglari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur dastur Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, deb yozadi Kun.uz.

Wyndham-Tashkent mehmonxonasida YeTTB va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillarining birinchi tanishtiruv seminari o‘tkazildi. Tadbirni Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Qosimxo‘jayev ochib berdi.

U O‘zbekistonning madaniy merosini saqlashda mamlakat iqtisodiyoti turistik sektorining muhim rolini qayd etgan holda turistik salohiyatning o‘sishiga doir statistik ma’lumotlarni taqdim etdi.

"Shubhasiz, madaniy merosni saqlashda moliyaviy institutlar loyihalari biz uchun juda ahamiyatli, ayniqsa, YeTTB kabi yirik tashkilotlar loyihalari. Yevropa banki uchun bu noyob birinchi loyiha bo‘lib, u bor-yo‘g‘i bir necha mamlakatda, jumladan O‘zbekistonda test rejimida ishga tushadi, - deya ta’kidladi Ulug‘bek Qosimxo‘jayev. - Bu ko‘plab mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga turtki berib, O‘zbekistonning turistik salohiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shadi".

YeTTB katta bankiri, direktorning ko‘chmas mulk va turizm bo‘yicha o‘rinbosari Marilena Vuiu bu borada shunday deydi:

"YeTTB turistik sektor va madaniy merosni rivojlantirishga doir loyihalarni moliyalashtirishni salohiyatli imkoniyatlarga ega innovatsion va muhim tashabbus sifatida tan oladi. Shu bois YeTTB milliy va submilliy xususiy loyihalarni moliyalashtirishga oid ko‘p sohali dastur - "Madaniy merosning asosiy konsepsiyasi" loyihasini tasdiqladi. Shunga muvofiq bank O‘zbekistonda umumiy summasi 153 million yevrodan ortiqni tashkil etuvchi olti loyihani amalga oshirishga doir kelishuvni imzoladi. YeTTB Asosiy konsepsiyasiga muvofiq moliyalashtiriluvchi loyihalar bevosita madaniy ob’yektlarni saqlash, shaharlar infratuzilmalarini rivojlantirish, turistik xizmatlar sifatini nazorat qilishga yo‘naltiriladi".

YeTTBning madaniy merosni saqlashga oid Asosiy konsepsiya loyihalari bo‘yicha seminarlar 17-18 sentyabr kunlari Xivada davom etib, 19 sentyabr kuni Toshkent shahrida yakunlanadi.