Bilasizmi?

Luvr muzeyi O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan markaz ochilishiga ko‘mak ko‘rsatadi

2018 yilning 11 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida Fransiyaning Luvr muzeyi delegatsiyasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Tomonlar O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida Luvr muzeyida O‘zbekiston milliy ko‘rgazmasini tashkil etish masalalarini muhokama etdilar.

Ko‘rgazma maqsadi - bugungi O‘zbekiston hududida joylashgan Janubiy va Markaziy Osiyodagi karvon yo‘llaridagi sivilizatsiyalar va madaniyatlarni namoyish qilish.

Muzokaralar chog‘ida ko‘rgazmaning asosiy jihatlari, milliy ekspozitsiyaning dastlabki tarkibi, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida Luvr muzeyi tomonidan O‘zbekistonda madaniy qadriyatlarni asrash va tiklash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan markazining ochilishida, shuningdek, muzey kolleksiyalarining elektron reyestrini yaratish bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatishga oid dastlabki kelishuvlarga erishildi.