Bilasizmi?

Leonardo DiKaprio: “Jahon kishisi”ning taqdiri va hayotiy tamoyillari

1999 yildan Amerikaning Time jurnali "Jahonning eng nufuzli kishilari" ro‘yxatini e’lon qilib keladi. Mazkur ro‘yxatga jahon e’tiboridagi biznesmen, siyosatchi, sportchi, saxiy kishilar 5 toifaga asosan kiritiladi. Joriy yilda Gollivud aktyori Leonardo DiKaprio "Jahonning eng nufuzli kumiri" toifasida tengsiz deb topildi.

Jurnalistlar fikricha, "Omon qolish" (“The Revenant”) filmi aynan 41 yoshlik DiKaprioning tengsiz ijrosi natijasida jahon bo‘ylab $532 mln dollar kassa to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, aktyor saxiyligi bilan ham shuhrat qozongan. U sayyoramiz ekologiyasini asrash uchun imkon-e’tiborini darig‘ tutmaydi.

1974 yilning 11 noyabrida AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan, 1912 yildan boshlab kino sanoati poytaxtiga aylangan Golluvud hududida tavallud topgan Leonardoning taqdirida kino san’ati namoyandasi bo‘lish yozilgan edi. Asli italiyalik bo‘lgan komik rassom Jorj hamda kelib chiqishi germaniyalik Irmelin DiKapriolarning yolg‘iz farzandlariga Leonardo ismining qo‘yilishi ham bejizga emas.

Ma’lum bo‘lishicha, bo‘lajak chaqaloq ona qornida ilk marotaba tepganida uning onasi Italiyada buyuk rassom Leonardo Da Vinchi suratlarini tomosha qilayotgan edi. Ha, san’atkorning taqdiri san’at muzeyidagi ishora tufayli ma’lum qilingan edi. "Mening onam – misoli harakatdagi mo‘’jizaga o‘xshaydi", degan edi aktyor keyinchalik.

Leonardoning bolalik yillari Germaniya va Italiyada, bobo-buvisinikida o‘tdi. Uning ona tomonidan buvisi Rossiyada tug‘ilgani bois, aktyor ba’zi intervyularida o‘zini yarim rus millatiga mansub ekanini ham aytib turadi.

Uning istarasi, qad-qomati, tashqi ko‘rinishidagi kamerabop jihatlar, shubhasizki Leonardoni kinoga boshladi. Avvaliga ta’limiy va tijorat, serial filmlarida suratga tushgan DiKaprio 1992 yilda Gollivudga kirib keladi. Kastingida 400 dan ziyod yigitlar ishtirok etgan "Bu yigitning hayoti" ( This Boy's Life) filmida bosh rolni o‘ynash aynan Leoning chekiga tushgan edi.

Shubhasizki, 1997 yilda ekranlarni "zabt" etgan "Titanik" 20 yoshli Leonardo uchun shuhrat cho‘qqisi bo‘ldi. O‘sha yili  $1.843 mlrd mablag‘ ishlab topgan film bosh qahramoni Jek Dovson ijrosidan keyin G‘arbda xotin-qizlar o‘rtasida "Leomaniya" kasalligi tarqaydi. U kinodagi qahramoni aytgani kabi, chindan shon-shuhrat qurshovidagi jahon qiroliga aylanadi. Shundan keyin Leonardo DiKaprio "Tutqich bermas", "Uoll strit bo‘risi" kabi ko‘plab filmlarda rollar ijro etdi.

Unga 2016 yilga qadar 46 xalqaro nufuzli mukofotlar topshirilgan. Ammo 2016 yilda berilgan "Oskar" mukofoti ancha kechikkani haqida gapirmagan inson qolmagan edi. "Yilning eng yaxshi aktyori" mukofotni olish chog‘ida ham global isish muammosiga to‘xtalib, hamkasblarini hamkorlikka chorladi.

Uning shaxsiy hayoti romantikaga boy bo‘ldi deyish qiyin. Boisi Leoning qalbi uchun jahonning taniqli modellari "jang" qila boshlashdi. Uning bir necha marotaba modellar bilan unashtiruvi ajralish bilan yakun topadi. Hatto 2005 yilda ulardan biri rashk ustida aktyorning boshiga shisha butilka bilan urib, 2 yilga qamalib ketadi.

2010 yilda aktyor Gaitidagi zilziladan aziyat chekkanlar uchun 1 mln dollar, yovvoyi hayvonlarni asrash uchun yana 1 mln dollar mablag‘ ajratgan. "Sayyoramiz taqdiri bizga bog‘liq", shiori ostida 2013 yilda DiKaprioning tashabbusi bilan boshlangan ekologik xayriya kampaniyasi uchun $40 mln dollar mablag‘ to‘planadi. Bu ekologiya uchun yig‘ilgan tarixdagi eng katta mablag‘ edi. DiKaprio AQSh prezidentlaridan Barak Obamani saylovlar jarayonida ma’naviy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgan.