Bilasizmi?

Kurash bo‘yicha 1-xalqaro turnirda Sherali Jo‘rayev 50 ming dollar yutuqni qo‘lga kiritdi

Toshkent shahrida O‘zbekiston prezidenti sovrini uchun 1-xalqaro turnirning final bosqichida o‘zbek kurashchisi Sherali Jo‘rayev g‘olib bo‘lib, bosh sovrin 50 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritdi, deb xabar qilmoqda Sputnik.

Bugun, 6 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston maqom san’ati dovrug‘ini dunyoga yoyadigan xalqaro maqom san’ati forumiga start berilgan bir vaqtda, Toshkent shahrida "O‘zbekiston" Respublikasi prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha 1-xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.

Turnirning sovrin jamg‘armasi 100 ming AQSh dollarini tashkil etdi.

Xalqaro turnirda 1-o‘rinni qashqadaryolik polvon Sherali Jo‘rayev qo‘lga kiritdi va unga tantanali ravishda 50 ming AQSh dollari mukofoti topshirildi.

O‘zbekistonlik Bekmurod Oltiboyev kumush medal sovrindoriga aylandi va 25 ming AQSh dollari bilan mukofotlandi.

Rossiya vakili Aslan Kambiyev va Tojikiston kurashchisi Temur Raximov bronza medal sovrindori bo‘ldilar va polvonlarning har biri 10 ming AQSh dollari miqdorida mukofot bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda o‘tkazilgan 1-xalqaro turnirda dunyoning 40ga yaqin davlatidan kelgan polvonlar mutlaq vazn toifasida gilamga tushdilar. Prezident qarorida ko‘rsatilganidek, bu musobaqada polvonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yaktaklarda bel olishdilar.